Xizr eli mahallasining hokim yordamchisi aholining yaqin koʻmakchisiga aylanmoqda

Туман янгиликлари

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabr kungi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan edi.

Qarorga muvofiq mahallalarda ish boshlagan  hokim yordamchilari  hududlardagi  ishsiz aholini ish bilan ta’minlab,  ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashishmoqda. Mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik subyektlarining ish faoliyatini o‘rnak qilib ko‘rsatish orqali barchani tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishga harakat qilishmoqda, o‘zlari xizmat olib borayotgan ovul va mahallalarda har bir xonadonga tashrif buyurib, mavjud holatni o‘rgangan holda aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib, aniqlangan muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘rishmoqda.

Tumanning Xizr eli mahallasida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Anvar Tojiboyev 2023 yil boshida   mahalla hududidagi mavjud  4126ta xonadonlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazdi.  Natijalarga ko‘ra, xonadonlar  3ta toifaga ajratib olindi. Shundan, birinchi toifaga  265ta, ikkinchi toifaga 387ta, uchinchi toifaga  246ta  xonadonlar kiritildi.

Xatlov o‘tkazilgan xonadonlarda 161 nafar mehnatga layoqatli, ishsizlar aniqlanib, imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalar ajratish orqali ularning bandligi ta’minlandi.

Anvar Tojiboyev mahallada tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirib, ularga faoliyat boshlashlari uchun ko‘maklashish,  eskirgan elektr simyog‘ochlarini yangisiga almashtirish, ko‘chalarga  tuproq-shag‘al yotqizish, hunarmandchilik va tomorqachilikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi yo‘nalishlarda reja asosida ish olib bormoqda.
Mahallada turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik qilish uchun sharoit yetarli. Jumladan, issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlar esa talaygina. Hokim yordamchisi ular bilan suhbatlashib, muammolarini o‘rganish natijasida 274 nafar fuqaroni domiy ish bilan ta’minlab, 163 nafar fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishiga hamda 70 nafar fuqaroga “e-auksion” savdo platformasi orqali yer maydonlari ajratilishiga  amaliy yordam berdi.
Shuningdek, hokim yordamchisi ko‘magida mahalladagi 166 nafar  ishsiz fuqaroga subsidiya asosida asbob-uskunalar ajratilib, bandligi ta’minlandi,  76 nafar fuqaroga esa 6 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratildi. Albatta, bundan maqsad mahallada  ishsizlikni kamaytirish, fuqarolarni tomorqachilik, tadbirkorlikka jalb qilish va ishlab chiqarish sohalarini, qolaversa, oilaviy tadbikorlikni rivojlantirish orqali ularning doimiy  daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishishdir.

Eng muhimi, hozirda bu fuqarolar  o‘zlarining faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib olishdi. Kimdir o‘z tomorqasida asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik bilan,  yana kimdir hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqda.

Aholi turmush farovonligini oshirishning muhim sharti – bandlikdir. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, Xizr eli mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hokim yordamchisi Anvar Tojiboyevning olib borayotgan sa’y-harakatlari ham kelgusida o‘zining ijobiy natijalarini beradi, albatta.

 

Sevara ISMOILOVA.