XOTIN-QIZLAR ZOʻRAVONLIK QURBONI BOʻLMASLIGI KERAK!

Туман янгиликлари

Dunyoda hech bir inson tazyiq va zo‘ravonlikdan mutlaq himoya qilinganman, deb ayta olmaydi. Zo‘ravonlik hodisasi atrofimizda, turli odamlar hayotida uchrab turadigan ijtimoiy illatlardan biridir.

Tazyiq va zo‘ravonlik holatiga ko‘pchilik hollarda xotin-qizlar duch keladi va bu illatga barcha yoshdagi, barcha ijtimoiy qatlamlardagi, barcha xulq-atvordagi ayollar to‘qnash kelishi mumkin.

Ayollar shuni esda tutishlari lozimki, tazyiq va zo‘ravonlikdan, uning har qanday ko‘rinishlaridan o‘zini himoya qilish – ayol kishining, har bir qiz, har bir kelin, har bir uy bekasining davlat hujjatlarida belgilab qo‘yilgan huquqidir.

O‘zbekiston ayollari millati, ijtimoiy kelib chiqishi, moddiy ta’minoti, ma’lumotidan qat’iy nazar, o‘zini tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish huquqiga egadirlar. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qariyb 20tadan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston tarixida ilk bor 2019 yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi. Ushbu Qonun hujjatlari xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi.

Yurtimizda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika Markazi negizida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar Markazi va uning hududiy bo‘limlari ham tashkil etilgani bu boradagi e’tiborga loyiq ishlardan biri bo‘ldi. Avvallari jamoatchilik asosida faoliyat yuritgan Markaz tumanlararo muassasaga aylantirilganidan keyin davlat tomonidan moliyalashtirildi.

Ayni paytda Amudaryo tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi namunali tumanlararo Markazi faoliyat yuritmoqda. 4 ta tuman qamrab olingan Markazga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Shuningdek, bu yerda anonimlik, axborotning maxfiyligi, kasbiy mahorat va xavfsizlik tamoyillari asosida ham ayollarga ruhiy ko‘mak berilib, har biri bilan individual shug‘ullanilib, og‘ir holatlardagi xotin-qizlarni stressdan chiqarish borasida psixologik mashg‘ulotlar, foydali maslahatlar, tavsiyalar berib kelinmoqda.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi namunali tumanlararo Markaziga joriy yilning o‘tgan davri davomida 322 nafar ayollar hamda 9 nafar erkaklar tomonidan murojaat qilingan bo‘lib, ulardan 32 nafariga huquqiy yordam, 232 nafariga psixologik yordamlar, 6 nafariga tibbiy, 34 nafariga esa boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi. 29 nafari Markazda vaqtincha boshpana bilan ta’minlanib, reabilitatsiya dasturini o‘tadi.

Markazda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirish borasida tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni sifatida belgilangan.

Shu munosabat bilan har yili dunyo miqyosida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Aksiya doirasida Xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka  uchrashining oldini olish, bunday holatlarni  barvaqt aniqlash  maqsadida mahallalarda, ta’lim muassasalarida, shuningdek, korxona va tashkilotlarda “Zo‘ravonliksiz oila – sog‘lom oila”, ”Biz zo‘ravonlikka qarshimiz”, “Zo‘ravonliksiz oila – sog‘lom jamiyat garovi” mavzularida  targ‘ibot tadbirlari olib boriladi.

Zero, xotin-qizlar zo‘ravonlik qurboni bo‘lmasligi kerak, ularni zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan muhofaza qilish har bir fuqaroning dolzarb vazifasidir.

 

Gavhar CHIMBAYCHIYEVA,

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo namunali

tumanlararo Markazi direktori.