“DOLZARB 40 KUNLIK” KENG KOʻLAMLI PROFILAKTIK TADBIRLARI OʻTKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra Respublika miqyosida joriy yilning 20 noyabr kunidan 30 dekabr kuniga qadar korxona-tashkilotlar, jamoat uyushmalari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “Dolzarb 40 kunlik” keng ko‘lamli profilaktik tadbirini o‘tkazish belgilangan bo‘lib, shunga ko‘ra barcha hududlarda nazorat va reyd tadbirlari tashkil etilmoqda.

Amudaryo tumani hududida ham shunga muvofiq jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbir doirasida  tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish asosiy maqsad qilingan bo‘lib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.

Joriy yilning 27 noyabr kuni tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan navbatdagi maxsus profilaktik tadbir o‘tkazildi hamda jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar, ayniqsa, tungi vaqtda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan yo‘riqnoma berilib, xizmatga chiqarildi.  Shuningdek, “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirini o‘tkazishdan maqsad – fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarga jamoat joylari, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirish, ichkilikbozlar, muqaddam sudlanganlar, probatsiya hisobida turganlar, profilaktik hisobga olinganlar bilan suhbatlar o‘tkazish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni aniqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tadbir boshida tungi vaqtlarda bemaqsad yurgan fuqarolar bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi va ularning shaxsiga oydinlik kiritildi. Jamoat tartibini buzgan fuqarolar tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib kelindi va ularning shaxsi aniqlanib, tezkor-profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Ular huquqbuzarlik va jinoyat sodir etmasliklari to‘g‘risida rasman ogohlantirildi. Undan tashqari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tumandagi istirohat bog‘i, korxona-tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari tekshirildi. Tungi vaqtlarda ishlayotgan turli obyektlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar bilan ham profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Reyd tadbirida 17 nafar fuqaroning spirtli ichimlik ta’sirida jamoat joyida yurganligi aniqlanib, hushyorxonaga topshirildi. Tungi vaqt bo‘lishiga qaramasdan bemaqsad ko‘chada yurgan 5 nafar voyaga yetmaganlar, ularning ota-onalari chaqirtirildi va bunday holatni qayta takrorlamaslik tushuntirilib, ogohlantirildi. Shuningdek, jamoat tartibini buzib huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Tuman hududida bo‘lib o‘tayotgan bu kabi reydlar, “Dolzarb 40 kunlik” keng ko‘lamli profilaktik tadbirlari davomida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, fuqarolarga jamoat joylarida belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishlari lozimligi tushuntirilmoqda. Shuningdek, tungi vaqtda bemaqsad yurgan yoshlarga ham har qanday huquqbuzarlik va jinoyat uchun qonuniy jazo muqarrarligi tushuntirilib, belgilangan jazo choralari, qonunlar haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.

Inobat O‘rozmatova, tuman IIB xodimi.