TUMANIMIZNING TANIQLI BOSKCHI OʻGʻLONI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish, ommaviyligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samaralarini berayotgani quvonarlidir. Ha, yurtimiz sport sharafini yuqori ko‘tarishga erishayotgan, xalqaro miqyosda musobaqalarda g‘oliblikka erishayotgan yosh iqtidorli sportchilar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Kuni kechagina nihoyasiga yetgan kattalar o‘rtasidagi boks bo‘yicha  O‘zbekiston chempionatini ham yurtdoshlarimiz zavq bilan tomosha qilishdi va yurtimizda sportning boks turi bo‘yicha yuksak iqtidorli sportchilar yetishib chiqayotganini e’tirof etishdi.

E’tiborlisi, ushbu musobaqada tumanimizning To‘lqin ovulida tug‘ilgan Sardor Shomurodov ham ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rinni egalladi va bronza medali bilan taqdirlandi. Tumanimiz charm qo‘lqop ustasi mazkur chempionatning ilk jangida amaldagi O‘zbekiston chempioni Bahrom Olimjonovni, chorak finalda ikki karra Osiyo chempioni buxorolik Suhrob Qayumovni mag‘lubiyatga uchratdi.

Sardor Shomurodov yarim finalda 2 karra jahon chempionati sovrindori, 2 karra Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi A’loxon Abdullayevga 3:2 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, sport mutaxassislari uning mahoratini yuqori baholashdi va kelajagiga umid bildirishdi.

Asli To‘lqin ovulidagi boks maktabida murabbiy Azimjon Muxtorovdan ilk boks sirlarini o‘rganib, mashqlarda mahoratini oshirgan Sardor Shomurodov keyinchalik Nukus shahridagi sport maktabida o‘qib intilishlarini davom ettirdi. Boks bo‘yicha erishgan g‘alabalari tufayli Qoraqalpoq davlat universitetiga talabalikka imtihonsiz qabul qilindi va oliy ta’lim oldi.

Keyingi yillarda Sardor tuman sport maktabida Jasur Nurimbetov rahbarligida mahoratini oshirmoqda va o‘zi ham boks bo‘yicha shug‘ullanayotgan o‘quvchilarga trenerlik qilayapti. U tumanimizda sportga ulkan e’tibor qaratilayotganidan ayniqsa, iqtidorli sportchilar qo‘llab-quvvatlanayotganidan juda xursand.

Tumanimizning umidli bokschi o‘g‘loni Sardor Shomurodovga doimo g‘alabalar yor bo‘laverishini tilab qolamiz.

Oygul RAJABOVA.