Qoraqalpoq tili bayrami kuni munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Til – har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.

1989 yil 1 dekabr — Qoraqalpog‘iston tarixidagi muhim sanalardan biridir. Shu kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan. Har yili bu sana keng nishonlanib kelinadi.

Ushbu sana munosabati bilan 1-dekabr kuni Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida “Mәrtebeң bәlent bolsin, ana tilim” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov, Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha tuman hokimi maslahatchisi Ashirboy Qo‘shayev, tumandagi umumta’lim maktablarning bir guruh qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari hamda o‘quvchilar ishtirok etdilar.

Tadbir boshida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyasi yangradi. So‘ngra tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov so‘zga chiqib, bayram tadbirini ochib berdi hamda yig‘ilgan tadbir ishtirokchilarini qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, til – bu xalqning tarixini, madaniy merosini, turmush tarzini, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho xazinadir. Shu bois ham so‘nggi yillarda yurtimizda qoraqalpoq tilini asrab-avaylashga, uni yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, qator ilmiy hamda badiiy kitoblarning qoraqalpoq tilidagi tarjimalari nashr etilgani, qoraqalpoq tilining tozaligini saqlashda muhim o‘rin tutadigan lotin imlosidagi “Qoraqalpoq tilining orfografik lug‘ati” chop etilgani qoraqalpoq tiliga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Shuningdek qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tuman bo‘ylab bayram tadbirlari, uchrashuvlar, adabiy kechalar va turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Bayram tadbiri davomida tajribaga ega o‘qituvchilar ham so‘zga chiqib, qoraqalpoq tilini asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish, rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining muhim omili hisoblanishini, Shu jihatdan qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida ta’kidladilar.

Qoraqalpoq xalqining atoqli adiblari, yozuvchi va shoirlari nomidagi ijod maktablarida bugun yoshlar bebaho boyligi bo‘lgan qoraqalpoq tili va milliy adabiyotining sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Bularning barchasi qoraqalpoq xalqining ma’naviy boyligi bo‘lgan qoraqalpoq tilining taraqqiyotiga yuksak e’tibori samarasidir.

Tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan qoraqalpoq adabiyoti namunalaridan she’rlarni ifodali aytdilar.

Tadbirda qoraqalpoq xalqining milliy urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi davomida qoraqalpoq xalqining tarixini, milliy qadriyatlarini, urf-odat va dasturlarini o‘zida mujassam etgan raqslar bilan bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda davom etdi.

Sevara Ismoilova