3-dekabr – Xalqaro Nogironlar kuni: NOGIRONLAR OʻRTASIDA SHASHKA-SHAXMAT SPORTI MUSOBAQALARI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarni ijtimoiy himoya qilish, ularga jismonan sog‘lom insonlar bilan bir xil, teng sharoitlar yaratish maqsadida, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishlari, ijtimoiy faolliklarini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol isbotidir.

Ayni paytda, mutaxassislarning tibbiy xulosalariga ko‘ra, dunyo aholisining 1 milliard nafardan ortig‘ida, ya’ni har yetti kishidan kamida bittasida muayyan bir turdagi nogironlik mavjud. Barcha nogironlarning 100 milliondan ortig‘ini esa bolalar tashkil etadi.

Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish bilan bog‘liq tadbirlar nafaqat 3 dekabr – Xalqaro Nogironlar kunida, balki doimiy ravishda o‘tkazilib kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu kabi dasturiy tadbirlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar sog‘lom kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, ularning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, ularning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-tamoyillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona jamiyat qurishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi tomonidan har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bayramona tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilishi ham imkoniyati cheklanganlarning sog‘lom insonlar bilan teng sharoitlar asosida o‘z qobiliyatlarini amalda namoyon etishlariga qaratilgan xayrli ishlarning samarasidir.

Jamiyatning Amudaryo tuman bo‘linmasi raisi Nilufar Xolboyevaning shaxsiy tashabbusi va homiy tashkilotlar rahnamoligida joriy yilning 29 noyabr sanasida Amudaryo muhandislik texnikumi binosida “Biz hech kimdan kam emasmiz!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan sport musobaqalari ham nogironlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgani bilan ko‘ngillarga jo‘shqinlik bag‘ishladi.

Amudaryo tuman hokimligi, yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi “Inson” ijtimoiy himoya markazi, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi, tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Madaniyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi hamkorligida 17-30 yosh oralig‘idagi imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasidagi sportning shaxmat-shashka turi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning o‘z iqtidorlarini amalda namoyon etishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur musobaqasida homiy tashkilotlar mas’ullari sportchilarga o‘zlarining bayram tabriklarini yo‘lladilar.

Shuningdek, tadbir yakunida musobaqada faol ishtirok etganlarga Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi, homiylar tomonidan bayram dasturxoni yozilib, barcha ishtirokchilarga sovg‘alar berildi.

Fayzli dasturxon atrofida, goh soz, goh suhbat tarzida davom etgan bayram tadbiri barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.