Xalqaro nogironlar kuniga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya mujassam. Mazkur jarayonlarda nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga ham alohida e’tibor qaratilib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida 3 dekabr ­ Xalqaro nogironlar kuni sifatida e’lon qilingan bo‘lib, bu sana respublikamiz bo‘ylab keng nishonlanib kelinmoqda.

Sana munosabati bilan 2 dekabr kuni Amudaryo tumanidagi “Xon” to‘yxonasida tashkil etilgan tadbir ham mazkur maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyev, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi raisi Nilufar Xalboyeva hamda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ishtirok etdilar.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam ko‘rsatish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.

Tadbirda hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidlab, shu maqsadda uy-joylar, turli reabilitatsiya-texnik vositalari bilan ta’minlanayotgani, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlanayotganini aytib o‘tdi.

Jamiyatda har bir inson o‘z o‘rniga ega. Jismonan to‘laqonli sog‘lom bo‘lmasa ham, imkoniyati cheklangan insonlar o‘zlarining hayotga bo‘lgan ishonchi va umidini so‘ndirmasdan, jamiyatning faol a’zosiga aylanib, yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Tadbir davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tuman bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyev mamlakatimizda imkoniyati cheklanganlar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, o‘zlarini jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi deb his etishlari uchun qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, bir guruh imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga esdalik sovg‘alari topshirildi. Undan tashqari, 2 nafar nogironligi bo‘lgan bolalarga nogironlar aravachasi bilan o‘yinchoqlar, 8 nafar eshitishida nuqsoni bo‘lgan keksa yoshdagi imkoniyati cheklanganlarga eshitish moslamalari, 14 nafar yurtdoshlarimizga esa ko‘zi ojizlar xassasi berildi.

Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan namoyish etilgan katta musiqiy dastur tadbirga yanada fayz kiritdi va barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.

Nogironlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri sho‘x kuy-qo‘shiqlar va dilrabo raqslar bilan davom etdi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati