Oq oltin ovulida biogumus tayyorlash boʻyicha seminar oʻtkazildi

Туман янгиликлари

2023 yil 3 dekabr kuni Amudaryo tumanining Oq oltin ovulida biogumus tayyorlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning borishi masalasida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari Rustam Saparboyev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Yo‘ldoshev, tuman Obodonlashtirish, Veterinariya va chorvachilik bo‘limlari, Qipchoq davlat O‘rmon xo‘jaligi rahbarlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari mas’ullari hamda fermer xo‘jaliklari raislari, tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.

Biogumus – tabiiy tuproqqa yaqin bo‘lgan o‘g‘it turi bo‘lib, chirishga moyil chiqindilar – go‘ng, xazonrezgi, somon, o‘simlik uyumlarini Kaliforniya qizil chuvalchangi organizmidan o‘tkazish orqali olinadi.

U qoramtir rangda, quruq va suyuq holatda bo‘ladi. Uning tarkibidagi mikroorganizmlar tuproqning aerobik, anaerobik mikroelementlar bilan boyitilishiga sharoit yaratib beradi. Shuningdek, tuproqning mexanik zichligini ham me’yoriga keltiradi.

Biogumus – urug‘larning unib chiqishini sezilarli darajada tezlashtiradi, ko‘chat o‘sishi va ildiz shakllanishini faol ravishda rag‘batlantiradi, tuproqni boyitadi va ozuqa moddalarining so‘rilishini yaxshilaydi, kislotalilikni pasaytiradi va tuproqning tuzilishini yaxshilaydi. U o‘simliklarning turli kasalliklarga qarshi immunitetini oshiradi va ulardan keyin tiklanishiga yordam beradi. Biogumus o‘simlikning noqulay ekologik sharoitlarga qarshi chidamligini oshirib, gullashini rag‘batlantiradi, mevalarning pishishini tezlashtiradi, ularning hosildorligi va sifatini oshiradi.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, biogumus tuproqni mukammal darajada sog‘lomlashtirishini, boshqa har qanday organik moddalar bilan yaxshi birlashishini va hosilning sifatini yaxshilashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Joriy yilda tuman bo‘yicha jami 1 ming 110 tonna biogumus tayyorlash rejalashtirilgan. Shundan, tuman hokimligi 200 tonna, Qipchoq davlat O‘rmon xo‘jaligi 200 tonna, Obodonlashtirish boshqarmasi 200 tonna hamda fermer xo‘jaliklari 510 tonna biogumus tayyorlashi reja qilingan.

Seminarda so‘zga chiqqan mas’ullar oxirgi yillarda bu organik chiqindi qishloq xo‘jaligi sohasida va oziq-ovqat sanoatida keng ko‘lamda qo‘llanilayotgani, uning tarkibidagi mikroorganizmlar tuproqning aerobik, anaerobik, mikroelementlar bilan boyitilishiga sharoit yaratib berishini hamda tuproqning mexanik zichligini ham me’yoriga keltirishini ta’kidlab o‘tdilar.

Mutaxassislar tuproqqa biogumus solishning ham me’yorlariga e’tibor qaratish lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Unumdorligi past bo‘lgan tuproqni laboratoriya tahlillaridan o‘tkazib, mutaxassislarning tavsiyasi asosida belgilangan miqdorda biogumus solinadi. Biogumus solingan tuproqda yetishtirilayotgan ekin kasalliklarga chidamli bo‘lishi va erta pishib yetilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Buning bir necha usullari mavjud. Yerga urug‘ qadayotganda u bilan birga biogumus solish ham yaxshi samara beradi. Tuproqqa qaysi paytda, qancha miqdorda biogumus solish esa agrotexnolog mutaxassislarning tavsiyasi asosida amalga oshirilishi haqida seminar ishtirokchilariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati