“Kamalak yulduzlari” festivalining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi

Туман янгиликлари

Iste’dodli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish maqsadida yurtimizda har yili an’anaviy tarzda “Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivali o‘tkazilib kelinmoqda.

Festivalning joriy yilgi Amudaryo tumani bosqichi 28 noyabr kuni 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi.

Tanlov shaklida o‘tkaziladigan “Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining asosiy maqsadi iqtidorli bolalarning ijodi, tashabbuslarini keng ommaga ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ib etish, havaskor va professional jamoalarning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishdir.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Amudaryo tuman bo‘limi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda tuman Madaniyat bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari orasidan yosh iste’dod egalarini izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur festivalining Amudaryo tuman bosqichida 85ta maktabdan jami 525 nafar o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.

Festivalning tuman bosqichida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ijodkor va iqtidorli bolalar ishtirok etishdi.

Bolalar o‘rtasida madaniyat, adabiyot va san’atni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan mazkur festival 6ta yo‘nalish va 6ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkazildi. “A” yo‘nalishda o‘quvchilar fortepiano, torli cholg‘ular, damli va zarbli cholg‘ular, “B” yo‘nalishda estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, “C” yo‘nalishda an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, estrada xonandaligi, folklor va xor jamoalari, “D” yo‘nalishda xoreografiya, milliy raqs, ball raqsi hamda zamonaviy raqslar bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish qildilar. Ishtirokchilar “E” yo‘nalishida tasviriy san’at – grafika, rang tasvir, haykaltaroshlik, amaliy san’at, kulolchilik, zardo‘zlik, quroqchilik, gilamdo‘zlik, biser to‘qish, dizaynerlik, yumshoq o‘yinchoqsozlik, naqqoshlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, “F” yo‘nalishida esa nasr – hikoya, ertak, nazm yo‘nalishi, ya’ni she’r, g‘azal, dostonchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Festivalda ishtirokchi o‘g‘il-qizlar tomonidan namoyish etilgan san’at namunalari hay’at a’zolari tomonidan haqqoniy baholab borildi.

“Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining tuman bosqichida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jami 18 nafar g‘oliblar aniqlandi va ular festivalning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.

G‘oliblar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Amudaryo tuman bo‘limi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Iqtidorning kashf etilishi yer bag‘ridan otilib chiqqan buloqqa o‘xshaydi. U yuz ochdimi, ko‘ngillarga xushnudlik ulashadi. Insonda hayrat va havas tuyg‘usini uyg‘otadi. Yosh iqtidorlarni aniqlashda “Kamalak yulduzlari” tanlovining ham ahamiyati nihoyatda katta.

Mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli, qolaversa, o‘tkazilayotgan turli tanlov va festivallar ularning iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda, qalblarida ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Sevara Ismoilova