TUMANDA XOTIN-QIZLAR MUAMMOLARI BOSQICHMA-BOSQICH IJOBIY HAL QILINMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanidagi Xitoy ovulida juda eski va ta’mirtalab uyda farzandlari bilan yashab kelayotgan Barchinoy Abdullayevaga davlatimiz tomonidan muruvvat ko‘rsatilib, yangidan uy qurib berildi. Bugungi kunda hamma sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan B.Abdullayeva hamda uning farzandlarining Prezidentimiz, qolaversa, tumanimiz rahbariyati va fuqarolar yig‘ini mas’ullariga minnatdorchiligi cheksiz. Ushbu uy 4 xonali bo‘lib, oshxona va hammomlari ichkarida joylashgan. Tabiiy gaz yetib bormagan hudud bo‘lgani sababli uy elektr energiyasi bilan isitishga mo‘ljallangan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Amudaryo tumanida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kungacha 4-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5 398 nafar xotin-qizlarning 5 330 nafariga turli yordamlar ko‘rsatildi.

Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 1 943 nafar xotin-qizlarning 1 940 nafarining bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 685 nafar xotin-qizlarning 645 nafariga kredit mablag‘lari ajratildi. Boquvchisi bo‘lmagan 1 183 nafar xotin-qizlarning 1 177 nafariga “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan BHMning 4 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dasturga 10 nafar  xotin-qizlar kiritilgan bo‘lib, joriy yilda shulardan 4 nafari uy-joy bilan ta’minlandi, 20 nafarining ijara kompensatsiya pullari to‘lab berildi.

Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat ham gullab-yashnaydi. Tumanimiz ayollari ham muammolari bosqichma-bosqich ijobiy hal etilayotganidan, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlaridan, davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan juda mamnun. Zero, bizning maqsadimiz ham bu boradagi vazifalarni to‘liq bajarib, ayollarimizning o‘z hayotidan mamnun yashashlariga ko‘mak berishdir.

G.Saburova, tuman hokimi o‘rinbosari,

Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.