EKOLOGIK HOLATNI YAXSHILASH – DOLZARB MASALA

Туман янгиликлари

Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Konstitutsiyaning 49-moddasidan.

Hozirgi davrda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biri – ekologiya muammosidir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyoda 7 mln. kishi havo iflosligi ta’siridan vafot etmoqda, unumdor yerlar cho‘llarga aylanmoqda.

Ekologiya muammosi butun dunyo mamlakatlari aholisini tashvishga solayotgan bir davrda bizning yurtimiz ham bundan mustasno emas. Biroq davlatimizning fuqarolar farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotiy muhitda yashashiga erishish borasida izchil chora-tadbirlar olib borayotganligi quvonarli holdir. Bu Asosiy Qonunimiz – Konstitutsiyamizning 49-moddasida ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu moddada “Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega” deb belgilangan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi belgilangan.

Bu borada tumanimizda ham tizimli ishlar amalga oshirilayapti.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza  qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan 2023 yilning 11 oyi davomida tumanimiz hududida tabiatga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida noqonuniy chiqindi tashlab, atrof-muhitni ifloslantirayotgan, hayvonot va o‘simlik dunyosini, suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun-qoidalar talablariga rioya qilmasdan ichimlik va oqava suvlarning ifloslanishiga yo‘l qo‘yish holatlari nazoratga olinib, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga choralar ko‘rildi. Shuningdek, yig‘ilib qolgan chiqindilar, o‘simlik qoldiqlari va xazonlarni yoqib yuborib, atmosfera havosining ifloslanishiga yo‘l qo‘yayotgan fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirishlar berildi, ekologik nazorat tadbirlari davomida O‘ZR MJtKning belgilangan moddalariga asosan atrof-muhit ifloslanishiga yo‘l qo‘yish bo‘yicha jami 125ta huquqbuzarliklar aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va 335 319 000 so‘m miqdorida jarimalar undirildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli Qarorlariga asosan atrof-muhitni ifloslantirganligi va chiqindilar tashlagani uchun 157ta korxona va tashkilotlarga jami 211 359 174 so‘m kompensatsiya to‘lami hisoblanib, davlat  hisobiga undirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish bo‘yicha e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik”da ko‘chat ekishni samarali tashkil etish yuzasidan tumanimizda ham chora-tadbirlar belgilanib, 2023 yil kuz mavsumida 489500 dona manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari va qalamchalarini ekish rejalashtirilgan edi. Ushbu daraxt ko‘chatlari va qalamchalar tumanimizdagi barcha korxona va tashkilotlar, ovul, mahalla fuqarolar yig‘inlari ma’muriy binolari atroflariga, avtomobil yo‘llari bo‘ylariga ekildi.

 Ona tabiatimizni asrash, uning musaffoligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar kelgusida o‘zining ijobiy samaralarini beradi, albatta.

Nurbek UZOQBOYEV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish

va iqlim o‘zgarishi vazirligining Amudaryo tuman bo‘limi boshlig‘i.