AMUDARYODA YETIM VA OTA-ONA QARAMOGʻIDAN MAHRUM BOʻLGAN 3 NAFAR YOSHLAR UY-JOY BILAN TAʼMINLANDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Amudaryo tumani hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘basi tomonidan ham tuman hududidagi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muammolari o‘rganilib, bu borada qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
14 dekabr kuni shu toifadagi yana 3 nafar yoshlarga yangi xonadonlarning hujjatlari, kalitlari tantanali ravishda topshirildi.  Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda hokimlikning Bolalarni himoya qilish sho‘basi rahbari Jahongir Xolmurodovlar ishtirok etishdi.
Ota-onalari vafotidan so‘ng, yaqin qarindoshlari vasiyligiga olingan, ayni paytda 18 yoshga to‘lgan M.Yo‘ldosheva, D.Musina, S.Xudoyorovalar uy-joyga muhtoj sifatida ro‘yxatda turgan edi. Shunga ko‘ra ularga Nukus shahridan 1 xonali, zamonaviy, qulay shart-sharoitlarga ega xonadonlar olib berilib, nomlariga rasmiylashtirildi.  
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov yoshlarga xonadonlar kalitlari, hujjatlari va 1 donadan televizorlarni tantanali ravishda topshirdi hamda ularni endilikda o‘z uylariga ega bo‘lgani bilan tabriklab, kelgusi hayotida omadlar tiladi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, tuman hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘basi tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan 104 nafar bolaga vasiy va homiy tayinlangan. Ularning 60 nafari vasiylikka, 44 nafari homiylikka olingan bo‘lib, 39 nafari chin yetimlar sifatida hisobga olingan. O‘tgan 2022 yilda ham uy-joyga muhtojlar ro‘yxatida turgan 3 nafar yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yildagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risi”da Qarorga asosan Nukus shahridan xonadonlar xarid qilinib, nomlariga rasmiylashtirilib topshirilgan. Joriy yilda ham Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori ijrosi yuzasidan tumanda 19 nafar bolalar “Mehr daftari”ga kiritilgan.
  Tadbir davomida ushbu daftar ro‘yxatidagi 18 nafar bolalarning har biriga  kompyuter jamlanmalari (monobloklar) topshirildi va 1 nafariga 2 mln. so‘mlik qishki kiyim-bosh olib berish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.
O‘z xonadonlariga ega bo‘lgan yoshlar mustaqil hayot ostonasida ota-onasidek g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, uy-joy bilan ta’minlagan davlatimizga, qolaversa, tuman hokimi, Bolalarni himoya qilish sho‘basi mas’ullariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.


Ozoda Xudoyberganova.