“Dolzarb 40 kunlik” doirasida maxsus profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz bo‘ylab jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Tadbirlar doirasida hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Amudaryo tumanida ham “Dolzarb 40 kunlik” doirasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar, ayniqsa, tungi vaqtda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida tungi profilaktik tadbiri o‘tkazildi.

Navbatdagi shunday tadbirda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari tomonidan tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar bilan xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazilib, hududlarda tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarga huquqbuzarliklarni oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar yuklatildi.

 “Dolzarb – 40 kunlik” doirasidagi tadbirlar davomida tuman hududida barcha yo‘nalishlarda profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, tungi vaqtda maqsadsiz va nazoratsiz yurgan voyaga yetmagan fuqarolar, xotin-qizlar hamda shubhali shaxslar, shuningdek qo‘pol turdagi qoidabuzarlik sodir etgan harakat ishtirokchilari bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, "qizil" toifaga kiruvchi mahallalarda nazorat kuchaytirilib, haydovchilarning hujjatlari bilan bir qatorda transport vositalari ham ko‘zdan kechilmoqda.

Shu paytgacha “Dolzarb -40 kunlik” tadbirlari doirasida olib borilayotgan tezkor qidiruvlar davomida 2 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 2ta ochilmay qolgan jinoyat fosh etildi.

Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish yo‘nalishida huquqbuzarlik sodir etgan 54 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Bugungi kungacha o‘tkazilgan tungi reyd tadbirlari davomida ma’muriy qamoqqa olish bilan bog‘liq holatlar 19tani tashkil qiladi. Tadbir boshidan buyon jami 51 nafar shaxslar sodir qilgan huquqbuzarliklari uchun profilaktik hisobga olingan. Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 7 nafar shaxslar majburiy davolanish muassasalariga yotqizilgan. Shuningdek, ma’muriy nazoratda turgan hamda ilgari sudlangan 53 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 15ta huquqbuzarliklar aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan 78 nafar haydovchining transport vositalari jarima maydonlariga olib kirilgan.

Sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida jamoatchilik vakillari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Tuman hududida huquqbuzarlik va jinoyatlar, transport yo‘llarida turli xavfli hodisalar sodir etilishining oldini olish, aholining tinchlik-osoyishtaligini saqlashda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati