Joʻqorgʻi Kengesdagi OʻzXDP fraksiyasi va mazkur partiyaning Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi deputatlik guruhi qoʻshma majlis oʻtkazdi

Туман янгиликлари

Joriy yilning 20 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma majlis kun tartibidagi “Sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha turdagi tibbiy xizmatlar sifati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosarining axboroti tinglandi.

Axborotda qayd etilishicha, bugungi kunga qadar tumanda jami 91 nafar shifokor, 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat 91 ta tibbiyot brigadalari faoliyat olib bormoqda.

2023 yilning o‘tgan 10 oy davomida tuman bo‘yicha milliy dasturga asosan 29 ming 639 nafar bolalarda emlash tadbirlari amalga oshirilgan. 73 ming 114 bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Tumanda tug‘ish yoshidagi 52 ming 821 nafar ayol-qizlar bo‘lib, ular 100 foiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 30 ming 900 nafarida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Shulardan 2 ming 436 nafari statsionar, 22 ming 428 nafari ambulatoriya sharoitida sog‘lomlashtirilgan.

Reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalar salomatligini tiklash uchun 119 ming 340ta tabletka multivitamin dori vositalari va 67 ming 590ta tabletka temir preparatlari bilan bepul tarqatilgan, shundan 11 ming 726 nafari MTT tarbiyalanuvchilari, 18 ming 805 nafari esa uyda tarbiyalanayotgan bolalardir. Homilador ayollarga esa 77 ming 270 dona, emizikli ayollarga 51 ming 198 dona antistrumin tabletkasi berilgan.

Tumanda 6 va 23 oylik bolalar 7 ming 518 nafarni tashkil qiladi, 1- va 2-bosqichda ularning 2 ming 305 nafari mikronutriyent kukuni bilan qamrab olingan. 2-10 yoshdagi 39 ming 290 boladan 9 ming 244 nafar bola gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar qabul qilgan va bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligining 2023 yil 22 sentyabrdagi ko‘rsatma xatiga asosan ayni paytda vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Skrining tekshiruvdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan 2-10 yoshli bolalarning 16 ming 264 nafari gelmintozga tekshirilgan, 2023 yil 10 ming 480 bolaga albendazol dori vositasi ichirilgan. Gelmintozga skriningdan o‘tkazilgan 2-10 yoshli bolalarning 16 nafarida lyambliya, ostritsa, askarida va boshqa parazitlar aniqlangan.

3-15 yoshdagi 50650 nafar bola yod preparati bilan qamrab olingan va bolalar salomatligi mavzularida 167 ta ma’ruza, 241 ta davra suhbati va uchrashuvlar o‘tkazilgan, Ijtimoiy tarmoqlarda 231 marta qisqa matnli rolik va maqolalar yoritilgan.

40 va undan katta yoshdagi aholini qandli diabet, yurak-qon tomir kasalligining xavf omillarini aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvi bilan qamrab olish dasturi asosida 9 oy davomida 40 va undan yuqori yoshdagi aholining 45102 nafari yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga skriningdan o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, shu kungacha 44412 nafari yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga skriningdan o‘tkazilgan, 623 nafarida yurak-qon tomir tizimi kasalligi, 890 nafarining qon tahlilida glyukoza miqdori balandligi aniqlangan.

2023 yilda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari reja asosida olib borilgan, rejadagi 168 ming 424 nafar aholidan 166 ming 521 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 55 ming 781 nafarida kasallik aniqlangan. Ularning 51 ming 55 nafari ambulator, 4 ming 481 nafari statsionar, 245 nafari sanatoriya-kurortlar sharoitida muolaja olishgan.

“Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis va chekka Nazarxon ovuli hududidagi Berdaq oilaviy shifokorlik punktida ishlayotgan shifokorlarga dastur doirasida oylik ish haqiga har oyda qo‘shimcha haq to‘lanib kelinmoqda.

91 nafar umumiy amaliyot shifokori va 328 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, shundan 212 nafar patronaj hamshiralar tomonidan bolalarda uchrashi mumkin bo‘lgan 13 tur yuqumli kasalliklarining oldini olish bo‘yicha ehtiyotdan emlash muolajalari kalendar reja asosida haftaning belgilangan kunlari tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi bilan birgalikda olib borilmoqda.

Qo‘shma majlisda Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.

Majlis yakunida vazifalar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Robiya Yo‘ldosheva.