MANGʻIT DEHQON BOZORIDAGI DOʻKONLAR, BAYRAM YARMARKASIDAGI OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARINING SIFATI NAZORAT QILINDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida hukumatimiz tomonidan belgilangan joylarda doimiy yoki vaqtinchalik asosda faoliyat ko‘rsatadigan hamda savdo rastalari, savdo o‘rinlari va turg‘un savdo shoxobchalaridan foydalangan holda keng turdagi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarining va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarining chakana savdosi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bozorda savdo qiluvchi xususiy tadbirkorlik subyektlari, yakka tadbirkorlar zimmasiga sog‘lomligi xususida tibiiy ma’lumotga ega bo‘lish shuningdek, o‘z savdo hududini ozoda, sanitariya-gigiyena qoidalariga muvofiq tutish, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni savdoga chiqarmaslik, xaridorlar bilan xushmuomalalik bilan savdo qilish majburiyati yuklangan.

Bu qoidalarga rioya etilishi esa tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat qilib boriladi. Boisi orastalik bo‘lmagan hududda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotilishi yoxud yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning sotilishi aholi orasida turli ovqatdan zaharlanish holatlarini keltirib chiqishi mumkin.

Joriy yilning 27 dekabrida Amudaryo tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining bir guruh xodimlari tuman Dehqon bozori hududidagi Yangi yil bayrami munobabati bilan tashkil etilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi va bozor hududidagi savdo o‘rinlarida sotilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qildilar.

Qayd etish lozimki, Yangi yil bayrami munosabati bilan aholini xavfsiz va arzon oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash uchun tashkil etilgan yarmarka ish boshlaganidan to faoliyati yakunlanguncha ushbu savdo o‘rinlarida, bozor hududida sifatsiz mahsulotlar savdoga chiqarilishining oldini olish uchun tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlaridan uch nafarining har kuni doimiy ravishda nazorat olib borishi belgilangan.

Mazkur nazorat tadbirida bo‘lim oliy toifali shifokori Munavvar Kashkarova, shifokor yordamchilari Bahodir Xolmurodov, Komil Bozorboyevlar Mang‘it dehqon bozori hududi veterinariya-sanitariya laboratoriyasi laboranti Olimjon Na’matullayev hamrohligida qatnashdilar.

Tadbir davomida bozor hududidagi do‘konlarda va bayram yarmarkasidagi savdo o‘rinlarida sotilayotgan mahsulotlarning sifati, yaroqlilik muddatiga amal qilinishi ko‘zdan kechirildi. Ushbu jarayonda sifatsiz, muddati o‘tgan mahsulot sotilishi natijasida uni iste’mol qilganlar botulizm kasalligiga chalinishi va turli darajada ovqatdan zaharlanishi mumkinligi keng tushuntirildi. Shuningdek, savdo qilayotgan xaridorlarga ham mahsulotni yaroqlilik muddatini o‘qib, sifatli ekanligiga ishonch hosil qilgach, xarid qilish lozimligi targ‘ib etildi.

Hammamiz intiqib kutgan Yangi yil bayrami yaqinlashmoqda. Xalqimiz quvonchli damlarini, bayramlarni yaqinlari, do‘st-birodarlari bilan birga nishonlashga odatlangan. Tashrif buyuruvchilarga dasturxon yozib, borimizni to‘kamiz, totli ne’matlar qo‘yamiz. Albatta, bunday vaqtlarda ovqatdan zaharlanish kabi ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lmasligi uchun mas’ul tashkilotlar xodimlari xizmatda.

Oygul RAJABOVA.