VATANPARVARLIK OYLIGI DOIRASIDA TADBIRLAR DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 dekabr kungi Farmoyishiga asosan 2023 yil 25 dekabr kuni Amudaryo tumani Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi, Vatan himoyachilari kuni bayrami hamda Vatanparvarlik oyligi munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Vatanparvarlik oyligi doirasidagi navbatdagi tadbir Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida o‘tkazildi. Ma’lumki, mamlakatimiz bo‘ylab 2023 yil 15 dekabrdan 2024 yil 15 yanvargacha Vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni Vatan himoyasidek sharafli kasbga yo‘naltirish maqsadida Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyi rahbariyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsal harbiy akademik litsey faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish va 9-sinf bitiruvchilaridan iqtidorli o‘quvchilarni o‘qishga taklif qilishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur targ‘ibot tadbiri davomida Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik litseyi o‘qituvchilari Sherzod Ro‘zmetov hamda Shaxzod Jumaniyozovlar seminar-trening o‘tkazishdi. Unda Amudaryo tumani Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Murodov, Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar xizmatchisi Zokir Sa’dullayev, O‘zbekiston Respublikasi "Veteran" jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi baynalmilal jangchilari Amudaryo tumanidagi vakili Bahodir Jumaniyozov va faxriy jangchilar, umumta’lim maktablarining chaqiriqqacha bo‘lgan tayyorgarlik fani o‘qituvchilari va 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tumandagi umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyning amaliy va nazariy o‘quv mashg‘ulotlari, mazkur litsey bitiruvchilarining Oliy Harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirishda qanday imtiyozlarga ega bo‘lishlari, shuningdek, harbiy akademik litsey kursantlariga qo‘yiladigan asosiy talablar bo‘yicha savollar bilan murojaat qildilar.

Aytish joizki, mazkur litseyning asosiy vazifasi o‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlariga, madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari insoniy fazilatlarni shakllantirish hisoblanadi.

Shuningdek, o‘quvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy hamda tahliliy fikrlashni rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha mustahkam bilimlarni shakllantirish, shuningdek, ularga harbiy ishdagi boshlang‘ich bilimlarni singdirish, Qurolli Kuchlar va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlash ham litseyning vazifalari sirasiga kiradi.

Litsey o‘rta maxsus ta’lim muassasasi hisoblanadi, litseyga qabul va o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlangan. Litseyda o‘quv jarayoni davomiyligi ikki yil bo‘lib, yillik qabul kvotasi 150 nafarni tashkil etadi.

Targ‘ibot seminar-trening davomida mas’ullar ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdilar. Tadbir so‘ngida videorolik namoyish etildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.