TRANSPORT YO‘LLARIDA HARAKAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA RЕYD TADBIRLARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hududidagi avtotransport yo‘llarida harakat xavfsizligini ta'minlash, og‘ir oqibatli hodisalar sodir etilishining oldini olish maqsadida yo‘l-patrulь xizmati xodimlari tomonidan muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

21 yanvarь kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirlarda tuman Ichki ishlar bo‘limi yo‘l-patrulь xizmati bo‘linmasining 13 nafar xodimlari ishtirok etishdi va tadbir davomida 100dan ziyod qoidabuzarliklar aniqlandi.

Undan tashqari, reyd paytida 80 ta avtomashinalar qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan jarima maydonlariga qo‘yildi. Shundan avtotransport vositasini mast holatda boshqarib yurganlikda gumon qilingan 3 nafar fuqaro belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi va ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, 10 nafar fuqaro muddatidan o‘tgan qarzdorliklarni to‘lamasdan yurganligi aniqlandi va jarimalar to‘lig‘icha undirib olindi. Avto va mototransport vositalarini boshqarish paytida O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining turli moddalarida ko‘rsatilgan qoidabuzarliklarni sodir etgan 67 nafar fuqarolarga ham tegishli tartibda jazo choralari qo‘llanildi.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish, xalqaro standartlarga muvofiq yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, avtomobilь yo‘llarini rekonstruksiya qilish, yo‘l harakati qulayligi va xavfsizligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada Davlatimiz rahbarining bir qator Farmon va Qarorlari bilan yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha yangi vazifalar va chora-tadbirlar belgilanib, qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda tuman hududidagi yo‘llarda ham harakat xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, ayniqsa, piyodalar va voyaga yetmagan shaxslar ishtirokida qoidabuzarliklar sodir qilinish ehtimoli yuqori bo‘lgan joylarda haydovchilarning hushyorligini oshirish maqsadida shahar markazidagi yo‘l belgilari ta'mirlanib, yangi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 12 iyuldagi 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida qator avtotransport yo‘llarida yangi yo‘l belgilari o‘rnatilib, yaroqsiz holga kelganlari almashtirildi. Maktablar oldiga tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari o‘rnatildi, yo‘l yotiq chiziqlari chizildi, aholi yashash joylaridan o‘tuvchi yo‘llar chetiga tungi yoritgichlar o‘rnatilib, piyodalar uchun yo‘laklar qurildi.

Reyd tadbirlari davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasini “Shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilish maqsadida tuman markazida ham transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilgani, qoidabuzarliklar turlari va ularga nisbatan qo‘llaniladigan jazo turlari, belgilangan jarimalar miqdorlari haqida ham ma'lumotlar, tushunchalar berildi. Bunday tadbirlar jamoat xavfsizligini ta'minlash bilan birga turli ko‘ngilsiz hodisalar sodir etilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Reyd tadbirlarida tushuntirilganidek, har bir fuqaro, haydovchi yoki piyoda bo‘lishidan qat'iy nazar, harakatlanayotgan paytida belgilangan yo‘l qoidalariga amal qilsa, qoidabuzarliklar, inson hayotini xavf ostida qoldiruvchi halokatlar sodir bo‘lmaydi.

O.Xudoyberganova.