AGROSANOAT MAJMUI XODIMLARI KASABA UYUSHMASI A’ZOLARI ISHTIROKIDA SЕMINAR TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi a’zolari ishtirokida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, mehnat muhofazasi va xavfsizligi ishlarini yangicha tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

24 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mazkur seminarda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari To‘xta Bozorov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi o‘rinbosari Muradboy Daniyarov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sultanmurod Orazimbetov, Amudaryo tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Komiljon Aytboyev, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Polvonovlar qatnashishdi. Shuningdek, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tuman Kengashi raisi Jasur Qurboniyozov hamda uyushma a’zolari qatnashishdi.

Seminarda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari To‘xta Bozorov “Mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, tarmoqqa tegishli korxona, tashkilotlar va agroklasterlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida”gi mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. U o‘z ma’ruzasida kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish tartibi, mehnatkashlarni ijtimoiy tomonidan qo‘llab-quvvatlashda uyushmalarning o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi o‘rinbosari Muradboy Daniyarov “Mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashda jamoa shartnomalari o‘rni” haqida ma’ruza qildi. Seminar ishtirokchilariga ish beruvchi korxonalar bilan jamoa shartnomasini tuzish tartibi, ahamiyati haqida batafsil tushunchalar berildi.

Jamoa shartnomasi — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjat ekanligi ta’kidlanib, unda korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar, ya’ni qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qo‘shimcha imtiyoz va kompensatsiyalar ham kiritilishi mumkinligi tushuntirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sultanmurod Orazimbetov esa “Korxona, tashkilot, fermer xo‘jaligi va agroklasterlarda mehnat muhofazasi, xavfsizligi ishlarini tashkil etish to‘g‘risida” ma’ruza qildi va keng tushunchalar berib o‘tdi. Korxonalarda mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil qilish va uning huquqiy-me’yoriy asoslari haqida batafsil so‘z yuritdi. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasi korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishga bag‘ishlangani, Qonunning shu moddasiga binoan Vazirliklar, idoralar, boshqa xo‘jalik organlari kasaba uyushmalari Markaziy qo‘mita bilan kelishib o‘zlari tasdiqlaydigan Nizomga muvofiq mehnat muhofazasi ishlarini muvofiqlashtirib borishini bayon etdi.

Seminar davomida kasaba uyushmasining afzalliklari, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning sog‘ligini tiklash kabi ko‘plab imtiyozlar haqida ma’lumot va tushuntirishlar berildi. Seminar ishtirokchilarning faolligi bilan jonli tarzda o‘tdi va ular o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga ma’ruzachilardan javoblar olishdi.

O.Xudoyberganova