Mehnat yarmarkasida 13 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Bu borada qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar, dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Amudaryo tumani Kambag‘allikni qishqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida tashkil etilgan mehnat yarmarkasi ham bandlikni ta’minlash yo‘lidagi chora-tadbirlardan biridir.

Joriy yilning 26 yanvar kuni o‘tkazilgan mehnat yarmarkasi tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi, tuman Majburiy ijro byurosi, tuman Prokuraturasi hamkorligida tashkil qilindi.

Tadbirni tuman Kambag‘allikni qishqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Rashid Salayev ochdi hamda olib bordi. Rashid Salayev o‘z so‘zida bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligiga ko‘maklashish, aholini ish bilan ta’minlash, bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish borasida olib borilayotgan keng islohotlar xususida to‘xtaldi.

Xususan, bandlik bo‘yicha yangi ta’sirchan mexanizmlar joriy etilayotgani, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani, joylarda tegishli mas’ullar tomonidan “mahallabay”, “fuqarobay” ishlash tizimi asosida ish olib borilib, aholining muammolari, ish bilan band qilish masalalari o‘rganilayotgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, tuman Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Aziz Tajiyev hamda tuman prokurori katta yordamchisi Ravoj Temirbayevlar so‘zga chiqib, aholi bandligini ta’minlash borasida qator amaliy choralar ko‘rilayotgani, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashga ko‘mak berilayotgani, bu kabi amaliy ishlar aholi farovonligi, oilalarning daromadi barqarorligiga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.

Mehnat yarmarkasida tumandagi qator tijorat banklari hamda 41 ta korxona va tashkilotlar 115 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbir mobaynida 14 nafar yoshlar, 19 nafar ayollar, 3 nafar maktab bitiruvchilari, 1 nafardan nogironligi bo‘lgan, jazoni ijro etish muassasasidan kelgan va aliment to‘lovchi fuqarolar, shuningdek, 3 nafardan harbiy xizmatdan va mehnat migratsiyasidan kelgan fuqarolar,  jami 45 nafar ishsiz fuqarolar ishtirok etdilar.

Yarmarka davomida 4 nafar yoshlar, 8 nafar ayollar, 1 nafar maktab bitiruvchisi, jami 13 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi. 3 nafar yoshlar va 2 nafar ayollar kasbga o‘qitish, qayta o‘qish kurslariga yuborildi. 5 nafar yoshlar, 7 nafar ayollar esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

Mehnat yarmarkasi mobaynida mas’ullar tomonidan ishtirokchilarning mehnat qonunchiligi borasidagi barcha savollariga tegishli javoblar berildi. Shuningdek, ishga joylashish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Charos Arslonova,  tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.