2023-2024 yillarda tumanda jami 100 km. uzunlikdagi ichki xo‘jalik kanallarini betonlashtirish rejalashtirilgan

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda yer yuzida haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi natijasida abadiy muzliklar hajmi kamayib bormoqda va bu sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi davlatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarini oqar suv bilan ta’minlovchi Amudaryo va Sirdaryoning suvi ham keskin kamayib, bu mintaqa davlatlari, ayniqsa O‘zbekiston uchun asr muammosiga aylanib ulgurdi. Global ekologik muammoning ayni paytdagi eng maqbul yechimi esa suvdan tejab-tergab, oqilona foydalanishdir. Shu bois, mamlakatimizdagi barcha asosiy suv yo‘llarini qayta rekonstruksiya qilish va betonlashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli Amudaryo tuman irrigatsiya bo‘limi tumandagi suv iste’molchilarini Respublikalararo Amudaryo irrigatsiya kanallari boshqarmasi tizimining Gurlan, Qilichboy, Qipchoq, Basu tarmoqlari va Amudaryo daryosida joylashgan nasos stansiyalari orqali suv bilan ta’minlaydi.

Ayni paytda Amudaryo tumanidagi umumiy sug‘orish maydoni 39 ming 584 gektar bo‘lib, tumanda 296,6 km. uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallar, 1342 km. ichki xo‘jalik kanallari mavjud.

Ma’lumki, tuproq o‘zanli sug‘orish tarmoqlarida suvning 30-35 foizi yo‘qotilishi mutaxassislar tomonidan ilmiy isbotlangan. Kanallarni betonlashtirish orqaligina suv yo‘qotilishining kamayishiga erishiladi.

Shu sababli Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 29 noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz hududidagi kanallarni betonlash bo‘yicha “zarbdor yil” e’lon qilinib, yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi belgilangan edi.

Amudaryo tumanida ham suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanallarda suv yo‘qolishini kamaytirish maqsadida 2023-2024 yillarda 100 km. uzunlikda ichki xo‘jalik kanallarini betonlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 21,8 km. uzunlikdagi kanallar klaster tashkilotlari tomonidan, 78,2 km. uzunlikdagi kanallar tumandagi 110ta fermer xo‘jaliklari tomonidan betonlashtiriladi.

Natijada ichki xo‘jalik kanallarida suv yo‘qolishi kamayishiga erishilib, yil davomida 21 million kubometr suv iqtisod qilinadi. Ayni kunlarda tumanimizning barcha hududlarida ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qipchoq ovuli hududidagi “Abdurasul Hamkor” fermer xo‘jaligida 200 metr ichki xo‘jalik kanaliga hashar yo‘li bilan betonit tog‘ jinsini to‘shash bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi. Seminarga tumandagi suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, jami 150 nafar ishchi xodimlar qatnashdilar.

Tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Shukrullo Yusupov seminar ishtirokchilariga bentonit tog‘ jinsini to‘shashning afzalliklari bo‘yicha zarur tushunchalar berdi.

Shuningdek, seminarda ichki suv yo‘llarini betonlashtirishning iqtisodiy jihatdan foydali tomonlari xususida ham to‘xtalib, har yilgi mavsumda qayta-qayta qazuv ishlari olib borish uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalishini, tejalgan mablag‘ hisobiga fermer xo‘jaliklari texnika vositalarini yangilash, zarur ehtiyot qismlari sotib olish imkoniga ega bo‘lishlarini ta’kidladi.

Seminar davomida soha mutaxassislari o‘zlarining qimmatli masalahatlarini berdilar.

N.ABDULLAYEV, Amudaryo tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.