Bosuv mahallasida hokim sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi orasiga kirib borish, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish, murojaatlarni tinglash, muammolarni o‘rganish va fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish turli darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlarning asosiy vazifasiga aylangan. Mazkur ustuvor vazifani amalga oshirishda sayyor qabul o‘tkazish tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda mas’ullar tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullar fuqarolarning muammolarini joyida o‘rganish va ijobiy hal etish, muhim ma’lumotlar va qonunchilikdagi yangiliklarni aholiga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Amudaryo tumani hokimi, 1-sektor rahbari Sobir Xo‘jametov 6 fevral kuni Bosuv mahalla fuqarolar yig‘inida fuqarolar muammolarnini tinglash, ularni hal qilishga amaliy yordam berish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.

26-sonli umumta’lim maktabi binosida tashkil etilgan sayyor qabulda tuman hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, korxona-tashkilotlar rahbarlari, ovul fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, bir guruh yoshlar hamda fuqarolar ishtirok etdilar.

Sayyor qabul mobaynida 2 nafar yoshlar haydovchilik guvohnomasi o‘quv kursi xarajatlarini qoplab berishda amaliy yordam, 5 nafar yoshlar oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun to‘lov shartnoma pullarini to‘lashda amaliy yordam hamda 1 nafar yosh o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiya asosida motokultivator olishda amaliy yordam so‘rab mas’ullarga murojaat qildilar. Murojaatlar tuman hokimi va tegishliligi bo‘yicha idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan birma-bir qabul qilinib, murojaat egalari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Fuqarolar murojaatlari tinglanib, qayd etib borildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar aholini yillar davomida qiynab kelgan muammolarning aniqlanishiga, ularning aksariyati joyida hal etilishiga zamin yaratmoqda.

Aholi farovonligini ta’minlash, yashash sharoitlarini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalardagi obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash ishlari, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, yo‘l qurilishi va shu kabi fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishda, tumanda infratuzilmani rivojlantirish va aholi turmush sifatini yaxshilashda joylarda hokim va sektorlar rahbarlari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar muhim vosita bo‘lmoqda.

Mazkur sayyor qabulda ham hokim fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularni qiynayotgan turli masalalar bo‘yicha muammolarini tingladi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan muammolar, turli yo‘nalishlardagi masalalar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida zarur choralar ko‘rilishi alohida qayd etildi. Ayrim murojaatlar shu kunning o‘zidayoq hal qilingan bo‘lsa, boshqa murojaatlarda ko‘rsatilgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli idoralarning mutassadilariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Qabul mobaynida ayniqsa mahalla yoshlari har xil sohalarda o‘zlarini qiziqtirgan turli savollar bilan mas’ullarga murojaat qildilar. Mas’ullar savollarga tegishlicha javoblar berib, yoshlarning hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari, o‘qib, bilim olishlari, kelajakda yurtimizga nafi tegadigan komil insonlar bo‘lib yetishishlariga tilakdosh bo‘ldilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.