Amudaryo tumanida agrar soha boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosidagi seminar boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

Joriy yilning 7 fevral kuni Amudaryo tumanida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun ajratilgan maydonlarga “Bir hudud – bir mahsulot” va kooperasiya tamoyillari asosida serdaromad hamda eksportbop ekinlarni oqilona joylashtrish, kafolatli xarid qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, eksport salohiyatini oshirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosidagi seminar boʻlib oʻtdi.

Seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilning 10 sentyabrida qabul qilingan “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini ta'minlash, belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov, Amudaryo tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, respublikaning barcha tumanlardagi qishloq xoʻjaligi boʻyicha hokim oʻrinbosarlari, tumanlar qishloq-xoʻjaligi soha mas'ullari, tumandagi ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari ishtirok etdilar.

Seminarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermonov ochib berdi va oʻz soʻzida soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini, agrar soha taraqqiyoti uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tizimli chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilayotganini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish kabi ustuvor maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qilayotganini qayd etib oʻtdi. Mazkur hujjat agrar sohaning rivojini yana bir pogʻonaga koʻtarish, yanada takomillashtirishda muhim dasturulamal boʻlayotgani ta'kidlandi.

Seminar ishtirokchilari dastlab Choykoʻl ovuli hududidagi aholi tomorqasiga toʻqsonbosti usulida ekilgan ekinlar parvarishi bilan tanishdilar.

Ma'lumot oʻrnida aytish kerakki, tumanimizda 39 ming 406 ta tomorqa er egalari faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda 6 ming 652 gektar ekin erlari mavjud. Xududdagi ekin er maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi vazifalar aniq belgilab olinib, tomorqa er egalarining bilim va tajribalarini oshirish, ularni zarur ma'lumot va axborotlar bilan ta'minlash ishlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Zero, “Tomorqa – daromad manbaidir!”. Buni anglab etgan mehnatkash yurtdoshlarimiz esa tomorqasida samarali mehnat qilib, moʻl hosil olmoqdalar.

Ta'kidlash joizki, toʻqsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlari urugʻlari erta koʻklamda erdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Takroriy ekinlardan boʻshagan dalalar obdon shudgorlanishi shart, shundagina “toʻqsonbosti” ekinlar urugʻi erga “oʻrnashadi”. Qolaversa, urugʻ etarli chuqurlikka tushsagina, qishki qattiq sovuq ta'siridan omon qoladi. Tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa er egalari kengashi mutaxassislari 49 ta ovul va mahallalarga biriktirilgan holda aholi tomorqalarida toʻqsonbosti usulida ekilgan ekinlarining aniq xisobini yuritish ishlarini tashkil qilgan boʻlib, xonadonlarda bu boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.

Seminar ishtirokchilari tumandagi “Kimyo bogʻi” MChJ faoliyati bilan ham tanishdilar. Bugungi kunda tumanda bogʻdorchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma'lumotlarga ega boʻldilar. Soha mas'ullari bogʻdorchilik yoʻnalishidagi ishlarni olib borish hamda daraxtlarga shakl berilishi yuzasidan oʻzaro tajriba almashdilar. Shu erning oʻzida bogʻbonlar tomonidan olma daraxtlarga shakl berish boʻyicha master klass tashkil qilinib, bu borada tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Qayd etilganidek, ayni kunlarda bogʻlarda oʻtkaziladigan eng muhim ish bu daraxtlarga shakl berish hisoblanadi. Olma, nok, olxoʻri kabi mevali daraxtlarga odatda siyraklashtirilgan qavatli shakl beriladi. Mevali daraxtlarni qirqish va shakl berishda serhosil shoxni hosil bermaydigan shoxlardan ajrata bilish zarurdir. Daraxt shoxlarini kesishda qalin soya beradigan, ortiqcha novdalar butunlay olib tashlanadi.

Olma daraxtida bir yillik novadalar uzunligi 35-45 santimetr boʻlishi maqsadga muvofiq. Novdalar uzunligi 15-20 santimetrga tushib qolsa, daraxt shox-shabbalarini “yoshartirish” tavsiya qilinadi. Buning uchun mayda yon shoxlar 2-3 yasharlik ona shoxlarga taqab qirqiladi.

Seminar ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Amudaryo tomorqa xizmati” MChJ klasteri boʻldi. Klasterga tashrif mobaynida mehmonlar 750 tonna hajmdagi muzlatkichli omborida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, qadoqlash va eksportga tayyorlash yuzasidan keng ma'lumotlarga ega boʻldilar.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, tumanimizda bu kabi 8 ta MChJlar tashkil qilinib, aholi tomorqa er egalariga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Shundan tuman Fermerlar kengashi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Amudaryo tomorqa xizmati” MChJ klasteri 5 milliard soʻm kredit olib 12 ta yoʻnalishda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa er egalariga hizmatlar koʻrsatib kelmoqda.

“Amudaryo tomorqa xizmati” MChJ klasteri tarkibida koʻchatchilik, texnika parki, yuk saqlash omborxonasi, sovutgichli omborxona, urugʻ, koʻchat, oʻgʻit, kimyoviy vositalar doʻkoni, ixcham issiqxonalar, quritish sexi, inkubator, sun'iy qochirish punkti, bio gums oʻgʻitlar ishlab chiqarish, em ishlab chiqarish, saralash va qadoqlash sehlari mavjud.

Klasterning meva-sabzavotlarni saqlashga moʻljallangan 4 ta sovutgichli omborxonasi boʻlib, umumiy hajmi 750 tonna. 2 ta traktor, yuk tashish mashinalari, uch gʻildirakli motosikl, 2 ta kimyoviy ishlov berish agregatlari, 4 ta qoʻlda dori sepish uskunasi kabi asosiy texnika vositalari mavjud.

Seminar ishtirokchilari klasterda mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar hamda “Amudaryo tomorqa xizmati” MChJ klasterining tuman qishloq xoʻjaligi sohasida muhim ahamiyatga ega ekanligi va soha rivojiga katta hissa qoʻshayotganini e'tirof etdilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.