Matematika fani bo‘yicha “Hokim olimpiadasi” o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini takomillashtirish yuzasidam tizimli ishlar tashkil etilmoqda.

10 fevral sanasida tumanimizdagi 36-sonli umumta’lim maktabida matematika fanidan “Hokim olimpiadasi” o‘tkazildi. Tuman yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan olimpiada umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kichik yoshli iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini namoyish etishiga ko‘maklashish, o‘quvchilarning xalqaro olimpiyadalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishlariga shart-sharoitlar yaratish kabi ustuvor maqsadlarga yo‘naltirildi.

Ta’lim muassasalari o‘quvchilari orasidan matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, rus tili, ona tili va adabiyot, ingliz tili, tarix, geografiya fanlari bo‘yicha bilimli, qiziquvchan, intiluvchan va ijodkor yoshlarni aniqlash, ulardagi qobiliyatlarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2024 yil mobaynida har oyda bitta fandan, bir bosqichda “Hokim olimpiadasi” o‘tkazilishi belgilangan.

Matematika fanidan o‘tkazilgan dastlabki olimpiadada tumanimizdagi 85 ta umumta’lim maktablarning 7-8-sinflarida tahsil oluvchi 200 nafar iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdilar.

 “Hokim olimpiadasi”ning ochilish marosimida tuman Yoshlar ishlari agentligi rahbari Sardor Ismailov, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘ba rahbari Ibragim Radjapov, bo‘lim metodistlari Habibulla Davletyarov va Rayhon Yakubova hamda olimpiada auditoriya rahbarlari, kuzatuvchilar, hakamlar ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida tuman Yoshlar ishlari agentligi rahbari Sardor Ismailov, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘ba rahbari Ibragim Radjapov, 36-sonli umumta’lim maktabining matematika fani katta o‘qituvchi Azimboy Saparboyevlar so‘zga chiqishib, “Hokim olimpiadasi” o‘tkazilishidan maqsad va vazifalar haqida, olimpiada o‘tkazilish tartibi haqida to‘xtalib o‘tdilar hamda olimpiada ishtirokchilariga omad tiladilar.

Shundan so‘ng auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilar ishtirokchilarini belgilangan xonalarda MMTB tashkiliy qo‘mita tomonidan taqdim qilingan topshiriqlarni ishtirokchi o‘quvchilar soniga nus'halab oldilar hamda jarayon boshlandi. Ishtirokchi o‘quvchilarga 7-8-sinf uchun Matematika fanidan 30 savolli topshiriqlar va javoblar varaqasi tarqatildi. Olimpiada topshiriqlarini bajarish uchun ishtirokchilarga nizom talabi bo‘yicha 2 soat vaqt berildi. Belgilangan vaqtdan keyin auditoriya rahbari tomonidan ishtirokchilarning javob varaqalari shifrlangan holda hakamlarga taqdim qilinib, ular tomonidan tekshirildi hamda natijalar chiqarildi. Natijalarga ko‘ra 8-sinflar orasida 76-, 42-, 22- sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilari, 7-sinflar orasida 31-, 64-, 22-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilari sovrinli o‘rinlarni egallab, g‘olib bo‘lishdi. Sovrinli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Qayd etish joizki, tashkil etilayotgan bu kabi ishlar davlatimiz rahbarining yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida qabul etilgan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.