AMUDARYODA HARBIY XIZMATCHILAR IMTIYOZLI TAVSIYANOMA UCHUN IMTIHON TOPSHIRDILAR

Туман янгиликлари

Ma’lumki, yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar har yili oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomalarini qo‘lga kiritish uchun respublika bo‘ylab test sinovlaridan o‘tishadi. Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarda xizmat burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ham oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomaga ega bo‘lish uchun test sinovlaridan o‘tib, imtihon topshirdilar.

15 fevral kuni Amudaryo muhandislik texnikumida bo‘lib o‘tgan test sinovlarida tuman hududidagi harbiy qismlarda o‘z burchini o‘tayotgan Vatan himoyasidagi yigitlar o‘zlarining egallagan bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.

Imtihonga tashrif buyurgan askarlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mas’ullari tomonidan yo‘riqnoma bilan tanishtirildi. Nazoratchilar guvohligida test topshiriqlari kitoblari muhri ochilib, tarqatilganidan so‘ng, askarlar test savollari bilan tanishib chiqishdi va javoblarni belgilashga kirishdilar.

Ma’lumki, askarlar yigitlik burchini bajarishga kirishgan kundan boshlab, muddatli harbiy xizmatchilarga malakali ofitser va serjantlar tomonidan jismoniy tayyorgarlikdan tashqari turli yo‘nalishlarda nazariy bilimlar ham muntazam berib boriladi. Testda ularning o‘tgan davr mobaynida egallagan bilimlari sinovdan o‘tkaziladi.

Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan olinadi. Bunda har bir askarning bir yil davomida to‘plagan bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Askarlarning bilimlari 100ta savol asosida baholanadi. Test jarayonidan norozi tomon test natijalari e’lon qilingandan keyin ikki kun ichida murojaat qilishi kerak. Belgilangan tartib-qoidalar buzgan ishtirokchi testdan chetlashtiriladi.

Test sinovlari natijalariga ko‘ra, yuqori ball to‘plagan, intellektual salohiyati, jangovar mahorati yuksak posbonlar imtiyozli tavsiyanomalarga sazovor bo‘ladi. Mazkur tavsiyanomaga ega bo‘lgan yigitlar respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘zi to‘plagan ballarning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballni to‘plash imtiyoziga ega bo‘ladi. Shuningdek, askarlarning xizmati davomida harbiy qismda ko‘rsatgan natijalari, ijobiy xulqi ham inobatga olinib, tegishli tavsiyanomasiga munosibligi belgilanadi.

Ta’kidlash joizki, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun ushbu shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlar qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun berilgan imtiyozli tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.

Kelajakda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, o‘zlari tanlagan kasb egasi bo‘lishni maqsad qilgan harbiy xizmatchilar test sinovlarini a’lo darajada uddalashga harakat qilib, muvaffaqiyatli yakunladilar.

O.Xudoyberganova.