Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari ishtirokida Prezident farmoni mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 2 fevral sanasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dastururlamal bo‘lib xizmat qiladi.

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organi va ijro etuvchi hokimiyat organi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha Amudaryo tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 13 fevral kuni tumandagi ixtisoslashtirilgan maktabning faollar zalida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutuvchi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda fuqarolar ishtirokida bulib o‘tgan yigilishda Farmon mazmun-mohiyati, hujjatda ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Muqaddas Beknazarova so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida mazkur farmon bilan mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilganligi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berilganligi, xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Muyassar Rahmatullayeva mazkur Farmon bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida qator vazifalar ko‘zda tutilgani xususida so‘z yurtidi.

Keltirilishicha, hujjatda mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Yig‘ilishda Farmonda belgilangan jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilgan qator yangi vakolatlar haqida keng tushuntirishlar berildi. Qolaversa, yig‘ilish ishtirokchilari mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan ham batafsil tanishtirildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.