Boks bo‘yicha hokim sovrini uchun musobaqalarda amudaryolik sportchilar umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda aholini sport bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. Zero, aholi, ayniqsa yoshlarning sog‘lom turmush kechirishida sport va jismoniy-tarbiyaning ahamiyati beqiyosdir. Sportni yanada rivojlantirish, kelajak egalarining har xil sport turlariga qiziqishlarini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida yurtimizni dunyoga tanitayotgan yetuk sportchilar yetishib kelmoqda.

Amudaryo tumanida sportni rivojlantirish, bolalar va o‘smirlarni sportga qiziqtirish jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, Respublika bosqichiga olib chiqish maqsadida sportning boks turi bo‘yicha hokim sovrini uchun musobaqalari o‘tkazildi.

Joriy yilning 15-19 fevral kunlari tuman Sport maktabining 1-filialida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda 2011-2012 yillarda tug‘ilgan bolalar va o‘smirlar ishtirok etdilar.

Musobaqalarda respublikamizning turli hududlaridan kelgan bokschi yoshlar qatnashdilar. Xususan, Jizzax viloyati Paxtakor tumani, Xorazm viloyati Xiva shahri, Gurlan tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, Taxiyatosh tumanlari hamda Amudaryo tumani bolalar va o‘smirlar jamoalari ishtirok etdilar.

Musobaqalarda 13 ta vazn toifasi bo‘yicha, har vazn toifasidan bir nafardan sportchi, 1 nafar murabbiy va bir nafar hakam qatnashdi.

4 kun mobaynida bo‘lib o‘tgan bellashuvlar murosasiz va bahslarga boy tarzda o‘tdi. Sportchilar bor kuch va imkoniyatlarini ishga soldilar, g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun astoydil harakat qildilar.

Aytish joizki, hokim sovrini uchun musobaqalar boks sport turini maktab o‘quvchilari va aholi o‘rtasida ommaviylashtirish, joylarda turli yosh guruhidagi aholi o‘rtasida boks bo‘yicha tayyorgarlik darajasini aniqlash, tuman terma jamolarini shakllantirish maqsadida mazkur sport turi bo‘yicha eng kuchlilarni aniqlash, murabbiy va hakamlarning malakasini, mas’uliyatini oshirish kabi ustuvor maqsadlarga yo‘naltirilgan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, mamlakatimizda yoshlarning boksga bo‘lgan ommaviy qiziqishini inobatga olib, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash tizimini yanada takomillashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning moddiy rag‘batlantirilishini yaxshilash, shuningdek, o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish maqsadida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada takmillashtirishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur qaror boksni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, boks infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, boks maktablarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘paytirish maqsadida qabul qilingan. Qaror bilan boks bo‘yicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish kabi boksni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Soha mas’ullari tomonidan ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda.

19 fevral kuni boks bo‘yicha hokim sovrini musobaqalarining final bosqichi yakunlandi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Murosasiz kechgan bahslarda eng kuchli sportchilar g‘oliblar safidan joy oldilar.

Taqdirlash marosimida tuman hokimi o‘rinbosari Nodir Kamolov, tuman Sport maktabi direktori Charsham Tajimuratov, O‘zbekiston Respublikasi boks Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bosh murabbiyi Rashid Saitov, tuman Mudofaa bo‘limi boshlig‘i Sherzod Murodovlar so‘zga chiqib, musobaqada ishtirok etgan barcha sportchilarga kelgusi sport musobaqalarida omadlar va muvaffaqiyatlar tiladilar. Ularning ota-onalari va murabbiylariga minnatdorchilik bildirdilar.

Shundan so‘ng bellashuvlardagi bahslarda 13 ta vazn toifasida g‘oliblar va sovrindorlar tuman hokimligi va tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Final bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra 7 ta vazn toifasi bo‘yicha bahslarda amudaryolik bokschilar umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni egalladilar. 2 ta vazn toifasida Nukus shahri sportchilari, 2 ta vazn toifasida Gurlan tumani sportchilari, 1 vazn toifasida Xiva shahri, 1 vazn toifasida Qo‘ng‘irot tumani sportchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Tashkilotchilar tomonidan 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblarga oltin, kumush va bronza medallari, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ta’kidlash joizki, sportni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar yoshlarni milliy g‘oya va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bolalar va o‘smirlar qalbiga va ongiga Vatan himoyasi sharafli, muqaddas burch ekanligini chuqur singdirish va yoshlarni vatanparvarlikka undashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.