Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining 70-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2024 yil 22 fevral kuni Xalq deputatlari Amudaryo tumani Kengashining navbatdagi 70-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, bo‘limlar boshliqlari, ovul va mahalla fuqarolari yig‘inlarining xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiyani xalq deputatlari tuman Kengashi raisi o‘rinbosari G‘ulomjon Eshniyazov ochdi va olib bordi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki – “Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar tomonidan hududlarida amalga oshirilgan ishlar va 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlarning “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash to‘g‘risida”gi masala yuzasidan sektorlar mas’ullari hisobot berdilar.

1-sektor kotibi Otabek Ollayorovning hisobotida keltirilishicha, 1-sektor rahbari tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan 2023 yilda sektor rahbari hamda tuman xalq qabulxonasi bilan birgalikda fuqarolarning mummolarini tinglash, yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilish bo‘yicha reja-grafik asosida 54 marta sayyor qabullar o‘tkazilgan. Sayyor qabullarda 358 ta murojaatlar ko‘rib chiqilgan va tegishliligi bo‘yicha mas’ullar tomonidan o‘rganilib, aksariyati ijobiy hal etilgan.

Kun tartibidagi masala yuzasidan 2-sektor hududida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tuman prokurori yordamchisi Sanjar Abdullayev hisobot berdi.  Hisobotda ta’kidlanganidek, o‘tgan yil mobaynida “Bandlik” dasturiga muvofiq 2-sektor xududida aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 485 nafar fuqarolar, shulardan 194 nafar yoshlar va 95 nafar xotin-qizlar ishga joylashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 2-sektor xududida 7 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilingan bo‘lib, ularga 176 nafar fuqaro jalb qilingan. Shundan 73 nafar fuqarolarga ishga yo‘llanma berilgan.

3-sektor kotibi Muhriddin Rahimovning hisobotida qayd etilganidek, hududda kasbga o‘qitish yo‘nalishida kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida o‘quv markazlarida yil boshidan 37 nafar fuqarolar turli yo‘nalishda tahsil olgan. Ularning bandligi to‘liq ta’minlangan, xususan, 7 nafari tikuvchilik, 5 nafari oshpazlik, 11 nafari qurilish, 6 nafari avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, 5 nafari axborot texnologiyalari, 2 nafari payvandlovchilik, 3 nafari sartaroshlik yo‘nalishida bilimlarga ega bo‘lgan.

Tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Islom Yusupov tomonidan 4-sektor hududida amalga oshirilayotgan ishlar xususida hisobot berildi. Hisobotda 4-sektor hududida aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali ishlar tashkil etilayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, sektor hududida yashovchi, ayniqsa nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni zarur dori-darmon vositalari, nogironlik aravachalari hamda reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash borasida samarali ishlar qilingan. Xususan, nogironligi bo‘lgan 12 nafar fuqaroga kattalar uchun nogironlik aravachasi, 5 nafar fuqaroga elektr yuritmali kreslo-aravacha, 2 nafar voyaga yetmagan nogironligi bo‘lgan bolaga bolalar aravachasi, 2 nafar fuqaroga eshitish moslamasi, 7 nafar fuqaroga qo‘ltiqtayoq, 12 nafar fuqaroga hassatayoq olib berilgan hamda reabilitatsiya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Shundan so‘ng cessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljan Aytbayev hisobot berdi. Hisobotda tumanimizda 2024 yil yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturiga asosan jami 15 ming 836ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi reja qilinayotgani, ulardan 3125tasi doimiy, 10 ming 130tasi mavsumiy va 2 ming 581tasi vaqtinchalik ish o‘rinlari ekanligi qayd etildi. Shuningdek, kelgusi yilda yirik va hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 398ta, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hisobiga 4062ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 10 ming 821ta, qurilish sohasida 555ta yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish orqali aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ahmad Rajapov tomonidan berilgan hisbotda keltirilishicha, 2023 yil mobaynida tumanimizda 100 mlrd. so‘mlik mablag‘ evaziga jami 74 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan. Davlat-xususiy sherikchilik shartlari doirasida tuman hududidagi jami 125 ta ijtimoiy soha obyektlarini isitish bo‘yicha shartnomalar imzolanib, 26 ta obyektlarning qozonxonalari yangidan qurilganligi hamda 89 ta yangi qozonlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, shuningdek, ushbu obyektlarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 3 ming 301 tonna ko‘mir yetkazib berilgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburovaning bergan hisobotida joriy yil 5-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritish maqsadida 49 ta maxallalarga biriktirilgan ishchi guruhlar tomonidan xatlov o‘tkazish ishlari olib borilgani hamda 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 45 ming 330 nafar xotin-qizlarga anketa so‘rovnomalari to‘ldirilganligi qayd etilib, bu borada qilinayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan 5-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilayogan 5 ming 593 nafar xotin-qizlarning ro‘yxati hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Sessiyada tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Javlonbek Jumamurodov mahalliy budjeti mablag‘larining 2023 yil davomida sarflanishi to‘g‘risida hisobot berdi. Hisobotda 2023 yil davomida mahalliy budjetning daromadlar qismi aniqlangan reja prognozi 84 mlrd 2,42 mln so‘mga belgilangan bo‘lib, xaqiqatda 95 mlrd 364,2 mln so‘mga, ya’ni 113,5 foizga yoki rejaga nisbatan 11 mlrd 361,8 mln so‘mga ortig‘i bilan bajarilgani qayd etildi.

Shundan so‘ng sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Palvanov so‘zga chiqib, tuman hokimligi hisobidagi zahira yer  maydonlarini “E-AUKSION” elektron platformasida ochiq elektron tanlovga chiqarish to‘g‘risidagi taklifni o‘qib eshittirdi. Deputatlar tuman Qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limining hokimlik zaxira yer fondi hisobidagi yer maydonlarini paxta va g‘allachilik, sabzavot va poliz ekinlarini ekish, chorvachilik va eksportbop sabzavotchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritish uchun aholiga ajratish maqsadida onlayn auksionga chiqarish bo‘yicha takliflarini ma’qulladilar.

Sessiya kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan hisobot va axborotlar deputatlar tomonidan muhokama qilinib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.