YANGIOBODLIKLARNING YAQIN KO‘MAKCHISIGA AYLANGAN HOKIM YORDAMCHISI

Туман янгиликлари

Yangiobod mahallasi tumanimiz markazidagi eng katta mahallalardan biri hisoblanadi. Yo‘llari doim serqatnov bo‘lgan ushbu mahalla hududida Amudaryo muhandislik texnikumi, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqada ijtimoiy soha obyektlari, savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashgan. Hozirgi kunda mahalladagi hokim yordamchisi Murodjon Qo‘chqorov tomonidan hududda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda va yanada rivojlantirilib, Yangiobod fayzli go‘shaga aylantirilmoqda.

Murodjon lavozimga kirishgan kunidan boshlab, ishni avvalo ushbu mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi vazifasida faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan hamkorlikda kerakli rejalarni belgilab olishdan boshladi. Shundan keyin uyma-uy yurgan holda hududda yashovchi har bir oilani xatlovdan o‘tkazib, ishsiz aholi ro‘yxatini shakllantirdi, mutasaddi tashkilot xodimlarini jalb etgan holda hududdagi mavjud bo‘sh turgan binolar va yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritib, chuqur o‘rganishlar o‘tkazdi. Ulardan oqilona foydalanish maqsadida tuman hokimligi mutasaddilari ishtirokida hamda xususiy sektor rahbarlarining istiqbolli biznes rejalariga ko‘ra ishsiz aholiga tanlov asosida olib berish ishlarini yo‘lga qo‘ydi.

O‘tkazilgan xatlov natijasida xonadonlar daromadi kam, qo‘shimcha daromad olish istagidagi, doimiy daromadga ega, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, iqtisodiy ahvoli yaxshi, o‘ziga to‘q oilalar kabi toifalarga ajratib olindi. Shunga asosan aholi daromadini oshirish borasida bir qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish istagidagi fuqarolarga kredit mablag‘lari ajratilishida ko‘maklashildi. Ayrimlariga dehqonchilik qilishlari uchun yer maydonlari ajratildi. Ishsiz ayol-qizlar tikuvchilik, qandolatchilik va tadbirkorlik kasblariga o‘qitildi.

– Mahallamizning asosiy drayveri xizmat ko‘rsatish va savdo, qo‘shimcha o‘sish nuqtalari tomorqa yerlariga issiqxona qurish, parrandachilik va chorvachilik bo‘lib, hududni rivojlantirish dasturini ana shu drayverlar asosida tuzib chiqqanmiz, – deydi hokim yordamchisi Murodjon Qo‘chqorov. – Hozirgi kunda Gulimbat Ahmedov boshqarayotgan “Ermonov Urozboy”, Mansur Yaxshimov raislik qilayotgan “Qurolboy Ollomovich”, Shirin Yusupova rahbarligidagi “Bog‘i Shamol” fermer xo‘jaliklariga 10dan ortiq oilalar biriktirilib, ish bilan band qilindi. Ayrim oilalarning xonadonlaridagi tomorqalarida issiqxonalar tashkil etishiga ko‘maklashilib, daromad topishlariga imkoniyat yaratildi.

Murodjon 2004 yilda Qoraqalpoq davlat universitetini tugatib, iqtisodiyotda axborotlar tizimi mutaxassisligiga ega bo‘ldi. 2004-2006 yillarda “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston filiali Mang‘it pochta aloqa tarmog‘i kuzatuvchisi, 2007 yildan 2022 yilgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi G‘aznachilik boshqarmasining Amudaryo tumani bo‘yicha g‘aznachilik bo‘linmasi yuridik majburiyatlar va baholarni ro‘yxatga olish guruhi bosh iqtisodchisi, shu guruh rahbari, g‘aznachilik operatsiyalarni nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi, g‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i o‘rinbosari, g‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, g‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i kabi lavozimlarda fidoyilik bilan xizmat qildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan keyin Murodjon 2022 yildan Yangiobod mahallasida ushbu lavozimda ish boshladi va o‘tgan davrlar mobaynida oilalar ahvolini o‘rganib, tegishli tartibda choralar ko‘rdi, oilalarning iqtisodiy ahvoli yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.

O‘tgan 2023 yil davomida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 9 nafar fuqaroga subsidiya berildi, 81 nafar fuqaroga 1 mlrd. 038 mln. so‘mlik kreditlar ajratildi, 112 nafar fuqaroning o‘z-o‘zini band qilishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, 12 ta yuridik va 8 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 5 nafar tadbirkorga faoliyatlarini kengaytirishlariga ko‘maklashish uchun 213 mln. so‘mlik kreditlar ajratildi.

– “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turardim, – deydi shu mahallada yashovchi Gulnoza Abdullayeva. – Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, tikuvchilik bo‘yicha o‘quv kursini tamomladim, lekin tikuv mashinam yo‘q edi. Hokim yordamchisining tavsiyasi bilan subsidiya asosida tikuv mashinasi ham berildi. Hozir yosh bolam bo‘lgani sababli uyda o‘tirgan holda buyurtmaga qarab, har xil turdagi ko‘ylaklarni tikyapman. Buning uchun mahallamiz mas’ullaridan, Yurtboshimizdan minnatdorman.

– Mahallamizda hokim yordamchisining ko‘magi bilan o‘zini o‘zi band qilib, daromad topayotganlar soni ortmoqda, – deydi Shahlo Qodirova. – Men ham juda qiziqqanim sababli ayollar sartaroshligi bo‘yicha hunar o‘rgandim va hokim yordamchisining ko‘magi bilan kredit oldim. Ushbu kredit mablag‘lariga go‘zallik salonida foydalaniladigan kerakli asbob-uskunalarni oldim. Hozirgi kunda tumanimiz markazida salon ochib, xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatyapman. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda minnatdorman.

Mahalla fuqarolaridan Ikrom Ernazarov esa hokim yordamchisi ko‘magida olgan kredit mablag‘i hisobidan o‘z xonadoni tomorqasidagi issiqxonasini kengaytirdi va yanada ko‘proq daromad topa boshladi. Xususiy klinika tashkil etgan Ulug‘bek Abdurahmonov ham hokim yordamchisi ko‘magi bilan olingan kredit mablag‘larini tibbiy jihozlar olishga sarfladi va elga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi. “Ibrohim duman kabob” MCHJ rahbari G‘ofurjon Egamberganov kredit mablag‘larini umumiy ovqatlanish shoxobchasini kengaytirishga sarf qildi. Yakka tadbirkor Og‘abek Ahmadov oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etdi.

Mahallada mas’ullar bilan hamkorlikda rejalashtirgan holda Prezidentimizning 2023 yil 30 mart kungi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifidan so‘ng berilgan tegishli topshiriqqa ko‘ra mahallalarga ajratiladigan 500 mln. so‘m mablag‘larni ham maqsadli sarflashga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan Abdulla Avloniy nomidagi ko‘cha aholisini ko‘pdan beri qiynab kelayotgan elektr ta’minoti muammosi hal etilib, ko‘chaga beton simyog‘och va SIP kabel tortildi. Mahalla hududidagi 40-sonli maktabga boruvchi piyodalar yo‘lagi qurildi. Ayni paytda “Amudaryo” ko‘chasida joylashgan bolalar maydonchasi ta’mirlanmoqda.

Hokim yordamchisi Murodjon Qo‘chqorovning kelgusida mahalla iqtisodini rivojlantirishga doir rejalari ko‘p. U mahalla hududidagi aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan bandlik masalasi, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarga yechim topishga harakat qilmoqda. Murodjonning barcha sa’y-harakatlari, amalga oshirayotgan xayrli ishlari odamlarni daromadli qilish, bandligini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

O.Xudayberganova.