“HUNARMAND” UYUSHMASINING AMUDARYO TUMANI BO‘LIMI TOMONIDAN YOSHLARGA KASB-HUNAR O‘RGATILMOQDA

Туман янгиликлари

Juda qadim zamonlarda ham hozirda mamlakatimiz hududida yashovchi xalqlar orasida hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, o‘zbek milliy hunarmandchiligi mahsulotlari – qo‘lda to‘qilgan gilam, rang-barang gullar bilan bezatilgan choyshab va sochiqlar, yostiq va ko‘rpa jildlari, so‘zana va palaklar qardosh xalqlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Xalq hunarmandchiligining nodir namunalari asrlar osha betakror jozibasi bilan dunyo miqyosidagi ko‘rgazmalar va tarixiy muzeylar zallarini bezab, millionlab insonlarga hayrat bag‘ishlagani, ayni paytda, yuksak darajada taraqqiy etgan texnika asrida ham qadr-qimmatini yo‘qotmagani xalq hunarmandchiligi mahsulotlarining har bir inson qalbiga yaqinligidan.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan “Hunarmand” uyushmasining a’zolari soni 4 316 nafarni tashkil etadi. Shundan usta-hunarmandlar soni 1 035 nafar, shogirdlar soni esa 3 281 nafarni tashkil etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Hunarmandchilikning 43ta yo‘nalishidan 29ta yo‘nalishi mavjud bo‘lib, shulardan bugungi kunda hududimizda gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar, metallardan buyumlar yasash, yog‘ochdan tayyorlangan xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini tayyorlash, milliy liboslar tayyorlash, mualliflik mebellarini tayyorlash, tunukadan buyumlar tayyorlash, musiqa asboblarini tayyorlash, esdalik buyumlarini tayyorlash, qo‘lda gilam to‘qish, kashtachilik hamda bosh kiyimlar tayyorlash yo‘nalishlari rivojlangan.

“Hunamand” uyushmasining maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida xalq hunarmandchiligi an’analari asosida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar faoliyatlarini muvofiqlashtirish, o‘zaro hamkorlik va erkin raqobat muhitini yaratish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

“Hunarmand” uyushmasi a’zolari bo‘lgan usta hunarmandlar tomonidan ustoz-shogird” an’analari asosida ishsiz xotin-qizlarga va yoshlarga muntazam ravishda turli hunarlari o‘rgatib kelinmoqda.

Joriy yilning 12 fevral kunidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi tashabbusi bilan, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, Amudaryo tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani bo‘limi hamkorligida tumandagi hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda kengaytirish istagida bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar biznes trening kurslarida kasb-hunarga o‘qitildi.

Shuningdek, o‘quv kurslarida hunarmandchilikning quroqchilik, qo‘lda gilam to‘qish, oddiy metallardan yasalgan taqinchoqlar, tikuvchilik yo‘nalishlari bo‘yicha biznes rejani ishlash, uni qanday qilib amalga oshirish bo‘yicha seminar trening o‘tkazildi.

Amudaryo tumanida hozirgi vaqtda hunarmandchilik subyektlari soni 141ta bo‘lib, shundan 45 nafari usta-hunarmandlar, 96 nafari esa shogirdlar hisoblanadi.

Endilikda, ushbu o‘quv kurslarida tahsil olgan xotin-qizlar va yoshlar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish orqali daromad topishiga hamda tumanda tadbirkorlar sonining oshishiga ham turtki bo‘ladi.

Ravshan Bahromov.