AMUDARYO TUMANI SPORT MAKTABIDA “SOG‘LOM OILA – YANGI O‘ZBЕKISTON TAYANCHI” SHIORI OSTIDA AYOLLAR O‘RTASIDA VOLЕYBOL MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Oilalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda ayollarning o‘rni alohida. Ayol sog‘lom bo‘lgan oilada tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat hamda baraka bo‘ladi. Shu bois ham ayollar salomatligini saqlash, ularni sportga jalb qilish borasida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Chunki ayolning biror bir sport turi bilan shug‘ullanishi, eng avvalo oilada sog‘lom, har tomonlama yetuk insonlar kamol topishi uchun sharoit yaratadi. Mamlakatimizda deyarli har yili “Ota-onam va men – sportchi”, “Salomatlik uchun 5000 qadam”, “Gimnatstrada – oilamiz uchun quvonch bag‘ishlaydi” mavzularidagi oilaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar shu boisdan ham tobora keng qamrov kasb etmoqda.

Amudaryo tumanida “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan “Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi” shiori ostida o‘tkazilayotgan sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarida turli mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan ayollar hamda tumanning eng chekka hududlaridagi ishsiz, uyushmagan xotin-qizlar ham faol ishtirok etishmoqda. Shunisi e’tiborliki, o‘tkazilayotgan sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va sportning turli yo‘nalishlaridagi musobaqalar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat, jo‘shqinlik baxsh etmoqda.

Joriy yilning 23-24 fevral sanalarida Amudaryo Bolalar va o‘smirlar sport maktabining sport maydonida bo‘lib o‘tgan voleybol musobaqalari ham “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlandi va mazkur musobaqada tumandagi turli mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlardan iborat 12ta jamoa ishtirok etdi.

“Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi” shiori ostida bo‘lib o‘tgan musobaqalar nihoyatda qizg‘in bahslarga boy, qiziqarli tarzda o‘tkazildi. Ikki kun davom etgan qizg‘in bellashuvlar halollik va shaffoflik asosida amalga oshirilishi uchun musobaqa tashkilotchilari tomonidan ishtirokchi jamoalar a’zolari musobaqa shartlari bilan oldindan tanishtirildi. Unga ko‘ra kishloq va mahallalarda eng yaxshi, chaqqon va epchil xotin-qizlardan iborat jamoalar shakllantirilib, musobaqaga oldindan puxta hozirlik ko‘rildi.

Voleybol sportidagi asosiy qoidalar, voleybol maydonchasida o‘yinchilarning joylashish tartibi, bir jamoa bilan ikkinchi jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro e’tibor va hurmat tushunchalari xususida zarur ma’lumot va tavsiyalar berildi. Natijada musobaqalar shaffoflik asosida, do‘stona vaziyatda o‘tdi.

Ikki kun davom etgan qiziqarli bahslar natijalariga ko‘ra, Amudaryo sport maktabining ayollar jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladilar. Ikkinchi o‘rin esa 63-sonli umumta’lim maktabining pedagog ayollar jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rin uchun da’vogarlar ko‘p bo‘ldi. Halollik va shaffoflik tamoyiliga ko‘ra, jamoalarning voleybol sporti qoidalariga muvofiq ko‘rsatgan qiziqarli o‘yinlari, sportchi madaniyatini saqlash bo‘yicha hatti-harakatlari e’tiborga olinib, namunali jamoa sifatida 19-sonli umumta’lim maktabi xodimlaridan iborat xotin-qizlar jamoasi uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Jamiyatimizda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, sog‘lom oilalar safini yanada oshirish, har tomonlama yetuk va barkamol insonni tarbiyalab, voyaga yetkazishga qaratilgan mazkur tadbir ishtirokchilarda o‘zaro do‘stlik, vatanparvarlik va oilaparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlab, jismoniy faollikka undagani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.