Tumanimizda ming nafarga yaqin yoshlarga yer berildi

Mamlakatimizda yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, doimiy ish bilan hamda munosib daromad olishini ta’minlash borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

2024 yilning 23 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ishsiz yoshlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yer ajratish bo‘yicha topshiriqlar berilgani bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.  Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Amudaryo tumanida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov hamda yoshlar masalalari bo‘yicha tegishli mas’ullar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari barcha ovul va mahallalardagi yoshlar hamda fermerlar bilan uchrashib, hududlardagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash uchun ularga yer berishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar xususida tushunchalar berdi.

Dastlab tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Qangli hamda Qipchoq ovullaridagi yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda ovul fuqarolar yig‘in mas’ullari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdilar.

Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan qatlamiga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilinganligini alohida ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida fermerlar har biri 5 nafardan ishsiz yoshlarni otaliqqa olish, yer berib, ularga ish o‘rgatish, yerdan yaxshi daromad olish bo‘yicha o‘z tavsiyalari hamda tajribalarini bo‘lishish takliflarini berdi.

Shundan so‘ng tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Choyko‘l, To‘lqin, Oq oltin ovullaridagi aholi faollari, fermerlar hamda yoshlar bilan uchrashdilar.

Tuman hokimi o‘z so‘zida davlatimiz tomonidan yoshlar siyosatiga eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratilayotgani, yoshlarning jamiyatdagi o‘z o‘rnini topishlarida, o‘z iqtidori va qobiliyatlarini namoyon etishlarida, turli yot g‘oyalari ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishda barcha birdek mas’ul ekanligini ta’kidladi.

E’tirof etish joizki, davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘rgatish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, har bir ovul va mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Madaniyat karvoni” tadbirlari va turli festivallar o‘tkazib kelinmoqda.

Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Dasturda yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar ilgari surildi.

Tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Jumurovul mahallasi, Jumurtov shaharchasi, Bobur nomli hamda Kuyuk ko‘pir ovullarida bo‘lib, ovul va mahallalar mas’ullari, fermerlar va yoshlar bilan uchrashdilar.

Uchrashuv mobaynida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 23 fevral sanasida o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida belgilab bergan yoshlar siyosatiga oid ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanishicha, yoshlarni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish maqsadida yoshlarning biznes bilan shug‘ullanishiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilib, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi shu maqsadlarga yo‘naltiriladi.

“Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Hozirgi kunda yoshlarbop istiqbolli soha bu raqamli texnologiyalar. Shu bois Davlat dasturida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasi belgilangan. Shuningdek, bu yil axborot texnologiyalari sohasida 70 ming yoshni band qilish rejalashtirilgan.

Aholi bandligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligida imkoniyatlar keng. Oldingi yillarda shu maqsadda 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, dehqonchilik uchun aholiga bo‘lib berilgan edi. Bu yil yana 60 ming 500 gektar yer yoshlarga ajratib berilishi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga yo‘naltirilishi belgilangan.

Tuman hokimi yoshlar bilan yaqindan muloqot qilar ekan, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, ajratilayotgan yer maydonlariga yaxshi daromad keltiradigan mahsulotlar ekish, ularni parvarishlash bo‘yicha fermerlardan tajriba o‘rganish, fidoyilik bilan mehnat qilish zarurligi, o‘z ustida ishlash lozimligi xususida tavsiya hamda takliflar berdi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.