BAYRAM MUNOSABATI BILAN AMUDARYOLIK AYOL-QIZLAR ISHTIROKIDA SPORT MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI

Xalqaro ayol-qizlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida turli ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazildi. Korxona-tashkilot va muassasalarda “Ayol borki, olam munavvar”, “Ayollari qadr topgan yurt”, “Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol”, “Qizlar davrasi” nomli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Ayniqsa, bayram arafasida tashkil etilgan sport musobaqalarida qatnashgan ayol-qizlarga jo‘shqinlik ulashilib, bayramni xushnud o‘tkazishdi.

5-6 mart kunlari Amudaryo tumanida ham 8 mart – Xalqaro ayol-qizlar bayrami munosabati bilan ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan ayol-qiz xodimlar o‘rtasida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi, darts va voleybol turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Musobaqalar Amudaryo muhandislik texnikumi, tuman ixtisoslashtirilgan maktabi va 40-sonli umumta’lim maktabi sport zallarida o‘tkazildi.

Musobaqalarning ochilish marosimida ishtirok etib so‘zga chiqqan mas’ullar barcha xotin-qizlarni, sportchi va trenerlarni, tizim xodimlarini nafosat va go‘zallik bayrami bilan tabriklashdi. Jamiyatimizning turli jabhalarida xotin-qizlarning o‘rni beqiyosligini ta’kidlab, ular o‘zlarining bilimi va malakasi, tajribasi va mahorati bilan yurtimiz ravnaqiga, jamiyatimiz rivojiga munosob ulushini qo‘shib kelayotganini, jismoniy tarbiya va sport sohasida ham samarali mehnatlari, yuqori ko‘rsatkichlari bilan el nazariga tushgan, obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ayol-qizlar ko‘pchilikni tashkil qilishini, ular turli nufuzli musobaqalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib, tumanimiz, mamlakatimiz dovrug‘ini olamga yoyishga o‘z hissalarini qo‘shishayotganini faxr va g‘urur bilan e’tirof etib o‘tishdi.

Musobaqalarda tuman bo‘yicha hududlarda g‘olib sanalgan ishtirokchilar va g‘olib jamoalar ishtirok etishdi. Sportning shaxmat turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda faxrli 1-o‘rinni 11-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Raisa Saxiyeva, 2-o‘rinni 65-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Ozoda Abdullayeva, 3-o‘rinni 12-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilorom Shomurodovalar egallashdi. Shashka turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda esa faxrli 1-o‘rinni 26-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi Tursunoy Tojibayeva, 2-o‘rinni 67-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Zulayho Bobojonova, 3-o‘rinni 45-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilfuza Abdurahmonovalar qo‘lga kiritishdi.

Sportning stol tennisi turi bo‘yicha qizg‘in kechgan musobaqalarda 46-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Muyassar Masharipova faxrli 1-o‘rin, 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi Gulshod Masharipova 2-o‘rin, 11-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Qunduz Kamolova 3-o‘rin g‘oliblari bo‘lishdi. Shuningdek, sportning darts turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobqalarda esa 19-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Muborak Masharipova faxrli 1-o‘rinni, 11-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nasiba Kamolova 2-o‘rinni, 16-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Rahima Saparboyeva 3-o‘rinni egallashdi.

Bahslarga boy tarzda o‘tgan voleybol musobaqalarida esa faxrli 1-o‘rinni 28-sonli umumta’lim maktabi jamoasi, 2-o‘rinni 22-sonli umumta’lim maktabi jamoasi, 3-o‘rinlarni 41-sonli umumta’lim maktabi jamoasi va 32-sonli umumta’lim maktabi jamoalari egallashdi.

Musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalar va faxrli o‘rin egallagan ishtirokchilar Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan diplomlar va sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

U.Abdurahmonov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bo‘linmasi kengashi raisi.