Ta’lim sifatini oshirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya berish sifatini oshirish, sohada yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy etish borasida qator yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda hududlarda ko‘plab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.

Joriy yilning 13 fevral sanasida Amudaryo tumani 76-sonli maktabda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Muxtor Yusupov ishtirokida tashkil etilgan yig‘ilish ham hududda ta’lim sifatini yanada rivojlantirishga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda tuman hokimi o‘rinbosari Nodir Kamolov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomuradov, Milliy gvardiya tuman bo‘limi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Bahtiyor Atajanov qatnashdilar hamda ovul va mahallalar mas’ullari, ota-onalar, barcha maktablar direktorlari va direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilari onlayn ishtirok etdilar.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining joriy yil 5 fevral sanasida o‘tkazilgan ijtimoiy sohaga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, Maktablarda og‘riqli masalalardan biri, bu – tarbiya va ma’naviyat bo‘lib, o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi. So‘rov maktab direktoridan bo‘layotgani, lekin bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga mas’ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o‘quvchilarni sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmayotgani, shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, yig‘ilishda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish bo‘yicha tizim qilish zarurligi, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kasbga yo‘naltirish, tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralarni amalga oshirish zararligi qayd etildi.

Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Maktablarda o‘quvchilarning davomadini ta’minlashga mahalla, ota-onalar, maktab birdek mas’ul ekanligi, farzandlarimizga o‘z vaqtida to‘g‘ri va yetarli ta’lim-tarbiya berish orqali ertangi kun uchun barkamol avlod yetishtirishga zamin yaratilishi xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, maktabga moslashish va kitobni sevishga o‘rgatish, yaxshi xulqli bo‘lish, atrofidagilar bilan muloqot qilishni o‘rganish va bilim olishga kuchli ishtiyoqni shakllantirish, kasb tanlash, jamiyatga moslashish, katta hayotga qadam qo‘yish borasida farzandlarga yo‘l-yo‘riq berish zarur ekanligi ta’kidlandi.

Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, yuqorida aytilgan tashabbuslar amaliyotda yo‘lga qo‘yilsa, ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmat rahbari.