IS GAZIDAN ZAHARLANISHNING OLDINI OLISH BO‘YICHA PROFILATIK TADBIR O‘TKAZILDI

Ma’lumki, is gazi – rangsiz, hidsiz, ko‘p uchraydigan zaharli birikma – tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi yoki chala yonishi oqibatida vujudga keladi. Insonlarning hayoti xavf ostida qolishiga sababchi bo‘ladigan is gazidan zaharlanish holatlari esa aksariyat hollarda xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik va e’tiborsizlik natijasida kelib chiqadi.

Joriy yilning 12 mart kuni Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan so‘nggi paytlarda ko‘p sodir bo‘layotgan is gazidan zaharlanish va uning zararli oqibatlarining oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilab olishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Mahmud Seydullayev, tuman hokimi o‘rinbosari Bahodir Ernazarov, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i kapitan Zafar Ahmedov, gaz ta’minoti korxonasi tuman bo‘limi boshlig‘i Jasur Yermetov, elektr ta’minoti korxonasi tuman boshlig‘i Mansur Xudoyberganov, Milliy gvardiyaning tumandagi Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari hamda ishchi guruhning boshqa a’zolari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davomida joriy yilning 9 mart kuni Farg‘ona shahri, Ahmad Yassaviy ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning is-gazidan zaharlanish oqibatida vafot etganligi to‘g‘risida ma’lumot berilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish kerakligi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olinishi kerakligi ta’kidlandi.

Amudaryo tumanida ham 2023-2024 yillarning kuz-qish mavsumi davrida har xil turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida tuman hududida joylashgan yakka tartibdagi hamda ko‘p kvartirali turar joylarda isitish qurilmalari va ularning dudburonlarining sozligiga  mahalla faollari ishtirokida har bir xonadonlarda o‘rganish ishlari olib borilayotganini, o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishliligi bo‘yicha joyida bartaraf qilinayotgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, tuman hokimligida tuzilgan Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, gaz, elektr tarmoqlari va boshqa tegishli idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan tungi vaqtda ijtimoiy soha obyektlarining holati o‘rganib chiqilayotgani e’tirof etilib, o‘rganish davomida joylardagi mas’ullarga tavsiyalar berilayotgani, ma’lumotnoma rasmiylashtirilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga nazorat uchun kiritilayotgani e’tirof etildi.

Bu boradagi ishlarni yana davom ettirish, fuqarolarga is-gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha profilaktik tushuntirish ishlarini yanada jadallashtirish kerakligi, ularga eslatma materiallari tarqatilib, xavfsizlik qoidalari to‘g‘risida ma’lumotlar berilib borilishi lozimligi aytilib, tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mahmud Seydullayev tomonidan xizmat qilayotgan harbiy va texnik xizmatchilar, ularning oila a’zolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Sayyor qabulda Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlarining sohadagi muammolar yuzasidan murojaat va takliflari tinglandi. Bayon etilgan masalalar yuzasidan murojaatlar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor murojaatlarni o‘z vaqtida hal etishga qaratilib, mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar yuklatilib, ushbu topshiriqlarning ijrosi nazoratga olinishi ta’kidlandi.

O.Xudoyberganova.