52-SONLI MAKTABDA "TARAQQIYOT KO‘ZGUSI" GAZЕTASI TAHRIRIYATI TOMONIDAN “MA’NAVIYAT KUNI” DOIRASIDA SUHBAT O‘TKAZILDI

Mamlakatimizda yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashdek dolzarb vazifani amalga oshirish jarayonida ularni ma’naviy-ruhiy jihatdan yetuk insonlar qilib tarbiyalashga alohida e’tibor berilmoqda. Boisi, ota-bobolarimiz “bilagi zo‘r birni, bilimli zo‘r mingni yiqadi”, deb bejizga aytmagan.

Yoshlarni ma’naviy kamol toptirishda teran ildizlardan suv ichgan azaliy qadriyatlarimizning, urf-odatlarimizning o‘rni alohidadir. Shu bilan bir qatorda bu borada yoshlarning ko‘ngil ko‘zini ochadigan, o‘zligini anglashga chorlaydigan badiiy asarlar o‘qishga jalb etish, ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan uchrashuvlar tashkil etish ham muhim o‘rin tutadi.

Buningdek xayrli vazifa ijrosiga hissa qo‘shish maqsadida Amudaryo tumanining “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati amalga oshirayotgan “Bilimli va ma’naviyatli yoshlar bilan – Uchinchi Renessans sari” grant loyihasi doirasida yoshlarning ziyolilar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar bilan uchrashuvlari tashkil etilmoqda va ularga ma’naviy oziq ulashilmoqda.

Yaqinda ana shunday tadbirlardan biri tumandagi 52-sonli maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi. Do‘stona, samimiy suhbatda mazkur maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilaridan bir guruhi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibasi, 8ta she’riy, nasriy asarlar muallifi, “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi maxsus muxbiri Robiya Yo‘ldosheva, tumanimizda ilk bor O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan, qator she’riy kitoblar muallifi Zulfiya Ollayorova, “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi maxsus muxbiri, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi, ikkinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibasi Oygul Rajabovalar ishtirok etdilar.

Tadbirda dastlab “Ma’naviyat kuni” doirasida yurtimizda huquqiy-demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish, yoshlarga zamonaviy ilm-fanni chuqur singdirish, ular ko‘nglida el-yurtga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yuksaltirish, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarni keng targ‘ib etish maqsadida suhbat olib borildi.

Ijodkorlarning ijod namunalaridan tinglash uchrashuvga yig‘ilganlar uchun yanada zavqli bo‘ldi. Robiya Yo‘ldosheva, Zulfiya Ollayorova, Oygul Rajabova, mazkur maktab o‘qituvchisi, uzoq yillardan beri mazmunan boy she’rlari bilan tanilgan Gulmirza Bobojonovlarning she’rlarini barcha zo‘r qiziqish bilan tingladilar.

Alloma “O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib, xijolat tortaman”, deganida naqadar haq edi. Ha, biz qancha o‘qisak, tinglasak, shuncha shuurimiz oydinlashadi, ma’naviyatimiz boyiydi.

Mazkur suhbatda o‘qilgan she’rlar ham tinglovchilar tomonidan qizg‘in qarshi olingani bejiz emas. Shuningdek, o‘qituvchilarni, o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga ijodkorlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Suhbat so‘ngida maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zarifboy Eshniyozov maktabga uchrashuv uchun tashrif buyurgan ijodkorlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi va ijodlariga baraka tiladi.

Davra suhbati taassurotlarga boy bo‘ldi.

Sevara ISMOILOVA.