“EZGULIK – SHIORIMIZ, MA’RIFAT – QUROLIMIZ” SHIORI OSTIDA MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR BO‘LIB O‘TDI

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari bo‘ylab 13-20 mart kunlari mobaynida “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” shiori ostida joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Amudaryo tumani 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi.

Targ‘ibot tadbirida tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Yalg‘ash Shomurodov, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Sanobar Xo‘jamurodova, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi boshlig‘i Islom Matkarimov hamda tumandagi umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari dastlab musiqa maktabi o‘quvchilarining ijod mahsullaridan tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Ular o‘quvchilar tomonidan did bilan tayyorlangan ijod namunalarini katta qiziqish bilan tomosha qilib, har biriga yuqori baho berdilar.

Tadbirga tashrif buyurgan mas’ullar yurtimiz bo‘ylab 13-20 mart kunlari mobaynida “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” shiori ostida joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani, jumladan, tumanimizda ham faol xotin-qizlar, ibratli oila bekalari, fan, ta’lim, madaniyat kabi yo‘nalishlarda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarni jalb etgan holda tashkil etish lozimligini ta’kidlashdi.

Mazkur tadbirlarda yurtimiz ayollariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi aytilib, Ramazon oyi va Navro‘z bayrami sharofati bilan ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, umuman, xalqimiz va yoshlarimiz ong-u shuurida vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini yanada kamol toptirish kabi ezgu ishlarni amalga oshirish lozimligi to‘g‘risida so‘z bordi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarimiz uchun ham munosib sharoitlarni yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Davlatimiz rahbari ham joriy yil 7 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bunga alohida e’tibor qaratdi. Barcha ayollarga murojaat qilib, ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borish, “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlash borasida vazifalar belgilab berildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar shu xususda so‘z yuritib, mamlakatimizda xotin-qizlarimiz uchun ham munosib sharoitlarni yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanganini e’tirof etishdi. Ayol-qizlarimizning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish maqsadida ilgari surgan islohotlari, Farmon va Qarorlari mazmun-mohiyati hamda ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham so‘zlab, ularning bugungi kundagi samarasini tilga olib o‘tishdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda konsert dasturlari ham namoyish etilib, samimiy suhbatlarga hamohang tarzda “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oyaga alohida urg‘u berildi.

O.Xudoyberganova.