Xolimbeg ovulida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi

17 mart kuni Amudaryo tumanining Xolimbeg ovuli hududida tomorqa yerlaridan unumli foydalanuvchi dehqon xo‘jaliklari sonini ko‘paytirish, dehqonchilik, parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik kabi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish maqsadida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, respublikadagi hamda tumandagi agrar soha mas’ullari, tijorat banklari rahbarlari, tuman ovul va mahallalar fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari hamda korxona-tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdilar.

Mazkur seminar Prezidentimizning joriy yilning 5 mart sanasida imzolangan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 115-sonli qarori ijrosiga bag‘ishlandi.

Dastlab seminar ishtirokchilari sobiq “Turkmaniston” muqobil mashina-traktor parki binosida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda mahsulotlarni oziqlantiruvchi, parvarishlovchi vositalardan iborat ko‘rgazma bilan tanishdilar. Unda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirishga, dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik kabi qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani hamda bu borada tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritdi.

Tuman hokimi o‘z so‘zida davlatimiz rahbarining “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturulamal bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Seminarda so‘zga chiqqan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Obil Safarov tomonidan qayd etilishicha, meva-savzavot mahsulotlarini yetishtirish va ularning eksportini oshirish, qishloq xo‘jaligi kichik ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlsh, ekin yerlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, pirovard natijada yer egalarining daromadlarini ko‘paytirish maqsadiga yo‘naltirilgan mazkur qarorda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yangiliklar amalga oshirilishi belgilangan.

Xususan, hududlarning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib hamda suv ta’minotini inobatga olgan holda, tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. 2024 yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur hujjatda kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida ishlab chiqarishga oid loyihalar bilan bir qatorda mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bundan mustasno, 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratilishi belgilangan.

Seminar mobaynida Xolimbeg OFY hokim yordamchisi Akmalbek Xolmuradov tomonidan ovul hududidagi tomorqa yer egalari hamda dehqon xo‘jaliklari, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Xolimbeg ovuli hududida jami 1298 ta aholi tomorqalarida 266 ga ekin yer maydonlari mavjud bo‘lib, ulardan yuqori daromad olishni ta’minlash borasida oldinda turgan qaror vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xususan, aholi tomorqalaridagi jami 184 ga bahorgi ekin maydonlaridan jami 5700 tonna mahsulot yetishtilishi, aholi xonadonlarida 26 ta issiqxonalar tashkil etish, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida meva-sabzavotchilik yo‘nalishida mahsulot yetishtirilishi kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Seminar mobaynida ishtirokchilar Xolimbeg ovulida o‘z tomorqasidan yaxshi daromad olayotgan, dehqonchilik bilan uzoq yillardan beri shug‘ullanib kelayotgan, ko‘p yillik tajribaga ega dehqonlarning bilimlari hamda ish tajribalari bilan tanishdilar.

Jumladan, tomorqachi dehqon Erkin Qo‘shayevning o‘z tomorqasida xurmo, limon va qulupnay kabi parvarish talab qiladigan mevali daraxtlar ko‘chatlari sonini yildan yilga ko‘paytirib borayotgani, quyonchilik bilan shug‘ullanayotgani, o‘z tomorqasida yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan olayotgan hosili hamda dehqonchilik sirlarini puxta egallash natijasida hayot tarzi, yashash sharoitlarining yaxshilanishiga erishganining guvohi bo‘ldilar.

Erkin Qo‘shayev seminarga yig‘ilganlarga kortoshka, piyoz, sabzi mahsulotlarini yetishtirish hamda yerdan 2-3 marotaba hosil olish bo‘yicha o‘z bilimi va tajribalari bilan bo‘lishdi.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari o‘z tomorqasida katta issiqxona tashkil etgan hamyurtimiz Shavkat O‘rozboyevning tomorqasi va issiqxonasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shavkat O‘rozboyev 3 yil oldin tashkil etilgan, asosan bodring yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxonadan yiliga 3 marotaba yaxshi hosil olayotgani haqida ma’lumotlar berdi.

Seminar yakunida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov boshchiligidagi ishtirokchilar “Yashil makon” dasturi doirasida mevali daraxtlar ko‘chatlarini ekdilar. Ko‘rgazmali seminarda barcha ishtirokchilar katta bilim va tajribaga ega bo‘ldilar.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.