MANG‘IT SHAHRINING KICHIK SHAHARCHA QIYOFASINI OLGAN MAHALLASI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning mazmun-mohiyatida, avvalo inson omiliga e’tibor, uning hayotdan rozi, obod va farovon yashashini ta’minlashdek ustuvor vazifalar mujassam. Mahalla mas’ullari esa ana shu ustuvor vazifalarni sobitqadamlik bilan bajarishga hamisha burchlidirlar.

Mang‘it shahrining Olmazor mahallasi Amudaryo tumanidagi har tomonlama, ayniqsa, infratuzilmasi jadal rivojlanayotgan mahallalaridan biri sanaladi. Ayni paytda 1025ta oilada 3242 nafar aholi istiqomat qilayotgan mahalla hududida zamon talablari darajasidagi istirohat bog‘i, Amudaryo tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi, 4ta bolalar bog‘chasi, “Sayamed” ko‘z kasalliklari klinikasi, 1ta mini stadion, Amudaryo BO‘SM va unga tegishli markaziy o‘yingoh, yopiq basseyn, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ma’muriy binosi, 82-sonli  umumta’lim maktabi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi, xorijiy tillarga ixtisoslashgan xususiy maktab, 3ta choyxona, 2ta tozalangan suv sotish shoxobchalari, 2ta savdo-sotiq do‘koni, 1ta AYOQSH, mebel ishlab chiqarish, ko‘rpa qavish sexlari, zamonaviy fotostudiya mavjud. Mahalla infratuzilmasining zamon talablari darajasida rivojlanayotganini hisobga olsak, hatto Mang‘it shahrining markaziy qismiga nisbatan ham qiyofasi ko‘rkam, xalq talab va ehtiyojlari darajasidagi shahar ichidagi shaharcha deyish mumkin.

Ishsizlikka barham berish, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan yoshlar, ayol-qizlarning bandligini ta’minlashda “Mahalla yettiligi”ning tutgan o‘rni muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Mahalla yettiligi”ning hamkorlikdagi o‘rganishlari natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar ro‘yxatlari shakllantirilib, 19 nafar fuqaroning xonadonlari tomi shiferlab berildi, yana 5ta xonadon tomini shifer bilan yopish ishlari davom etmoqda.

Hududni eng obod va farovon go‘shaga aylantirish maqsadida MFY raisi A.Madrahimov rahbarligida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Faqat 2023 yil davomida davlat mablag‘i hisobidan Jumurtov, Firdavsiy nomli, Islomobod va Humoyun nomidagi ko‘chalarning 2,5 km. qismida piyodalar yo‘lakchasi qurilib, tungi yoritgichlar o‘rnatildi, Birdamlik ko‘chasining 2 km. qismiga tosh-shag‘al to‘shaldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir mahallaga davlat budjetidan ajratilgan 500 mln. so‘m mablag‘ hisobidan Birdamlik ko‘chasi aholisining elektr energiyasi ta’minotini  yaxshilash maqsadida 1ta 250 kVt kuchlanishga ega transformator, Firdavsiy nomidagi va Islomobod ko‘chalari  aholisi uchun 1ta elektr nasos o‘rnatilib berildi. Shuningdek, Olmazor ko‘chasiga 1ta, Firdavsiy nomli va Nihol ko‘chalariga 1ta bolalar o‘yin maydonchalari qurib berilib, Olmazor ko‘chasiga shag‘al-tosh to‘shaldi.

Mahalla aholisining xavfsizligini ta’minlash maqsadida Humoyun nomli ko‘chaga 4ta, Islomobod ko‘chasiga 1ta kuzatuv kameralari  1-Nihol ko‘chalari obodonlashtirilib, 1,5 km. qismiga shag‘al-tosh yotqizildi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli mahallada o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan yoshlar ham talaygina.

MFY raisi A.Madrahimovning faoliyat qo‘lami esa olmazorliklarning yangi-yangi rejalari, orzulari bilan yanada kengayib boraveradi. Ayni paytda mahallada 2024 yil uchun belgilangan rejalarni ado etishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham hamjihatlik bilan boshlab yuborildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan loyiha qiymati 15,1 mlrd. so‘m bo‘lgan 11,6 km. masofadagi yo‘lni betonlashtirish, 2024-2025 yillarda Birdamlik va Yangibog‘ ko‘chalari oralig‘ida 120 o‘rinli MTT binosini qurish, Nihol va Firdavsiy nomidagi ko‘chalarning 2 km. qismini asfaltlash, Birdamlik, Islomobod, Nihol ko‘chalariga tungi yoritgichlar o‘rnatish, piyodalar yo‘lakchasi qurish, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 250 kVt kuchlanishga ega 3ta transformator o‘rnatish va oqar suvdan foydalanish sifatini oshirishda tejamkorlikni ta’minlash uchun 2 km. uzunlikda beton ariqchalar qurilishini amalga oshirish, hududdagi “Barkamol avlod” bolalar maktabini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

– Belgilangan ushbu rejaviy ishlarni bajarishda men mahalladoshlarimga suyanaman, – deydi MFY raisi A.Madrahimov. – Maqsadimiz esa bitta – xalqimiz o‘z hayotidan rozi, ertangi kuniga ishonch bilan yashashini ta’minlash.

Ishonch bor joyda o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. Biz ham ishonch bilan ayta olamizki, A.Madrahimov rahbarligida Olmazor MFYda amalga oshirilayotgan ishlarda xalqning ishonchidan kuch olgan taraqqiyot odimlari bor va bu olmazorliklar turmush tarzida, mahallaning ko‘rkam  qiyofasida aks etib turibdi.

 Robiya YO‘LDOSHЕVA.