DO‘RMAN QISHLOG‘INI KO‘RGANI KЕLING!

Туман янгиликлари

Do‘rman – Amudaryo tumanining Qilichboy mavzesidagi jannatmakon qishloqlaridan biri. Xalqi juda mehnatkash, ahil, inoq. Bir bora bu qishloqda bo‘lgan kishining xotirasida yo‘l bo‘ylarida saf tortgan qoratollar, olcha daraxtlari, mevazor bog‘lar, ariqlar bo‘ylarida qishloqqa kelguvchilarga xuddi: “Xush kelibsiz”, deganday bosh egib turgan na’matak butalari, obod va farovon xonadonlar, qalblarni entiktirib yuborguvchi so‘lim tabiat manzaralari bir umr muhrlanib qoladi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning, Qoraqalpog‘istonimizning qay go‘shasida bo‘lib, “Amudaryodanman”, desangiz, albatta, Do‘rman qishlog‘i, uning betakror, so‘lim tabiati, hosildan shoxlari larzon mevazor bog‘lari haqida so‘rashadi. Do‘rmanni O‘zbekistonning dunyoga mashhur Shohimardon, So‘qoq, G‘azalkent, Nanay kabi qishloqlariga mengzashadi.

Haqiqatan ham bir vaqtlar osmono‘par bo‘yteraklari bilan tilga tushgan Do‘rman qishlog‘ining bugungi ko‘rki, to‘rt fasl tarovatini o‘zida mujassam etgan yam-yashil archazorlari, tobora obodlik kasb etayotgan infratuzilma obyektlari bilan yanada chiroy ochgan.

Umumiy yer maydoni 156 gektar bo‘lgan bu go‘zal maskanda 2673 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi, ya’ni salkam  1000 nafari yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, do‘rmanliklar tobora yosharib borayotganini his etasiz. Hududdagi 100 gektarlik ekin maydonining har bir qarich yeridan unumli foydalanayotgan aholi turmush tarzi havasga munosib. Bo‘zchi, Bekobod, Paxtaobod, Sarioltin, Kunxo‘ja nomidagi va Oltinsoy ko‘chalarining har birida tadbirkorlik subyektlari – 2ta sartaroshxona, ayollar go‘zallik saloni, dorixona, 7ta kundalik ehtiyoj mollari bilan savdo qiluvchi do‘kon, chevarlik sexlari mavjud.

Qishloq aholisining o‘zaro mehr-oqibati, birdamligi bois, o‘zbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari birining mushkulini biri oson, og‘irini yengil qilib yashashga odatlanishgan.

– Qishloqda begona yo‘q, – deydi mamnuniyat bilan OFY raisi Atamurat Yusupov, –hamma bir-biriga qon-qarindosh, qardosh, ildizi, orzu-niyatlari, hatto taqdirlari tutash insonlar. Shuning uchun ham hamqishloqlarimizning bitmagan ishi qolmaydi.

Haqiqatan ham do‘rmanliklar hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzor go‘shaga aylantirish, bog‘-rog‘ yaratib, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishda hamisha  yakdil. Kech kuzda, erta bahorda qishloq ahli jam bo‘lishib ko‘chalar bo‘ylariga, guzar yo‘llar chetlariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishadi. Aholi tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlovchi ariqlarni kech kuzda ham, erta bahorda ham yaxshilab tozalab qo‘yishga odatlangan aholi uchun yerlarni sug‘orish masalasida muammo tug‘ilmaydi, suv yo‘li toza bo‘lgach, isrofgarchilikning oldi olinadi va suv ravon oqadi.

Qishloq hududida amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlarda “Mahalla yettiligi”ning hamkorlikdagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bo‘zchi va Bekobod ko‘chalariga shag‘al-tosh yotqizish, Bekobod-4 ko‘chasi aholisining elektr energiyasi ta’minotini  yaxshilash maqsadida transformator o‘rnatishda, shuningdek, Bekobod ko‘chasining 600 metrlik qismida yangidan yo‘l ochilib, 8 km. uzunlikdagi suv yo‘llarining tozalanishida “Mahalla yettiligi”ning tashabbusi, aholining hamjihatligi tufayli barcha ishlar samarali va sifatli yakun topdi. Bu hamjihatlik kech kuzda, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ko‘chat ekish ishlarini ham muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berdi. OFY raisi Atamurat Yusupov bosh-qosh bo‘lgan kuzgi ko‘chat ekish mavsumida do‘rmanliklar “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda 1200 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishdi. Qishloq hududidagi 3 km. markaziy yo‘l bo‘ylaridagi daraxtlarga ohak bilan ishlov berilib, na’matak butalari tartibga keltirildi. Bekobod-7, Bekobod-5 ko‘chalariga 45 dona beton ustunlar o‘rnatilib, 550 metr SIP kabellari tortildi. Yuksak ma’naviyat ko‘chasiga esa 12 dona quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatilganidan aholi mamnun.

Paxtaobod va Oltinsoy ko‘chalarida istiqomat qiluvchi aholi ko‘chalarning notekis, o‘nqir-cho‘nqirligidan, qishda loy, yozda chang ko‘tarilib, xonadonlargacha kirib borishidan aziyat chekishardi. Bu muammo ham “Mahalla yettiligi”ning hamkorligi, qolaversa, aholining hamjihatligi tufayli ijobiy yechim topdi. Mazkur ko‘chalarning 1 km. qismiga tosh va shag‘al to‘shaldi.

Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida “Yashil energiya” resurslaridan samarali foydalanilmoqda. Xususan, OFY binosiga quyosh paneli, hududdagi ko‘chalar bo‘ylariga quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Qishloq hududini tuman markazi va qo‘shni Xorazm viloyatining Gurlan tumani bilan bog‘lovchi guzar yo‘lini kesib o‘tuvchi zahkash ustiga temir-beton ko‘prik qurilgani esa aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Endilikda aholi har ikkala tumanlar markaziga borish uchun olis masofadan, aylanib yurishmaydigan bo‘lishdi, yo‘l ham, vaqt ham qisqardi.

Qishloq aholisini ijtimoiy himoyalash, aholi bandligini ta’minlash, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tufayli Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari bilan har bir mahalla uchun ajratilgan 500 mln. so‘mlik davlat mablag‘i hisobidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan 11tasining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida xonadonlarining tom qismi shiferlab berildi.

Aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi o‘rganishlar natijasida 49 nafar ishsiz fuqaroga o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida yakka tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun sharoit yaratish maqsadida imtiyozli kredit mablag‘lari olishlariga ko‘maklashildi va 2 nafar fuqaroga subsidiya ajratildi.

Ayni paytda do‘rmanlik tomorqa yer egalaridan 7 nafarining  o‘z issiqxona xo‘jaligi bor. 4 nafar fuqaro esa baliqchilik bilan shug‘ullanadi. 3ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 1ta tozalangan suv bilan ta’minlash shoxobchasi, go‘sht do‘koni, etikdo‘zlik ustaxonasi va 12ta xalq iste’mol mollari va oziq-ovqat do‘konlari do‘rmanliklar xizmatida. Kuniga 5 xildagi non yopadigan nonvoyxona xizmatidan aholi mamnun.

Do‘rmanliklarning farzandlari ta’lim-tarbiya oladigan 20-sonli va 84-sonli maktablari esa haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat maskanlari hisoblanadi.

O‘z faoliyati davomida necha minglab bilimdon yoshlarni katta  hayot sari uchirma qilgan 20-sonli maktabning sobiq bitiruvchilari orasida yirik davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar borligini hisobga olsak, Do‘rman qishlog‘ining so‘lim tabiatidan bahra olib ulg‘aygan insonlar haqiqiy elparvar, vatanparvarlardir.

Hududdagi 84-sonli umumta’lim maktabi nafaqat o‘zining so‘lim tabiat bag‘rida joylashgani, balki ushbu ta’lim maskanida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tufayli ham havasga munosib. Yam-yashil archazorlar bag‘ridagi muhtasham binoda ta’lim-tarbiya olayotgan do‘rmanlik  yoshlar erishayotgan yutuqlar alohida mavzu. Hududdagi 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining burro so‘zlashlari, hatto o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan qishloq bilan faxrlanishlari ham havasga munosib.

Darvoqe, “Mahalla yettiligi”ning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari bilan 2023 yil davomida ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan fuqarolarning o‘z hayotlarini yaxshilashlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. 45 nafar yoshga, 93 nafar “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan ayol-qizlarga, “Temir daftar”dagi 1 nafar fuqaroga hududdagi fermer xo‘jaliklari tomonidan sabzavot ekinlari ekishlari uchun 15 gektar yer ajratib berildi. “Yoshlar daftari”dagi 17 nafar, “Ayollar daftari”dagi 12 nafar ishsiz xotin-qizlarning har biriga bug‘doydan  bo‘shagan maydonlar takroriy ekinlar ekish uchun 0,25 sotixdan ajratilib, ularning o‘z oilalari iqtisodini yaxshilashlari uchun ko‘maklashildi.

Qishloqda boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 19 nafar ayol-qizlar “Mahalla yettiligi”ning doimiy e’tiborida. Ularning har biriga 1 320 000 so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilib, 12 nafar tibbiy muolajaga muhtoj ayollarning o‘z salomatliklarini tiklashlarida, sog‘lomlashtirilishida ko‘maklashildi.

Do‘rman – usta paxtakor, mohir tomorqachi, har bir qarich yerning qadrini oshirib, bog‘-bo‘stonga aylantiruvchi fidoyi insonlar yurti. Qishloq ahli 2023 yilda bo‘sh turgan 5 gektar yer maydonini kim oshdi savdolari orqali yutib olib, bu yerlarda mo‘l-ko‘l hosil  yetishtirdilar. Ular nafaqat o‘z oilalari, balki amudaryoliklar, qolaversa, Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlari aholisi dasturxonlarini ham sarxil noz-ne’matlari bilan boyitdilar.

Elim, yurtim, oilam, farzandim, deb yashaguvchi qishloq ahli uchun qaynona-kelin mojarosi, qo‘shni bilan qo‘shni o‘rtasidagi araz, gina-kuduratlar begona. Bu qishloqda biri-biriga qon-qarindosh, tub-ildizi bir oilalar farzandlari yashashadi. Qaynona bilan kelin o‘rtasidagi yoki qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi araz, gina-kuduratning oldini olishga nuroniy otaxon va onaxonlar, ko‘cha boshchilari, ziyolilar o‘zlarini mas’ul deb bilishadi. Shu bois, hududda huquqbuzarliklar, oilaviy  kelishmovchiliklar, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar, yosh oilalar o‘rtasidagi araz va ginalarga o‘rin yo‘q.

– Bu kabi salbiy holatlarga barham berish do‘rmanliklarning burchi, – deydi Atamurat Yusupov.

Biz ijodiy jamoamiz bilan tabiati go‘zal va so‘lim, xalqi ahil va mehnatkash Do‘rman qishlog‘ida bo‘lganimizda bir narsaga amin bo‘ldik: qayerdaki, odamlar bekorchi bo‘lib qolishsa, o‘sha yerda jinoyatlar, huquqbuzarliklar urchiydi, odamlar orasidan mehr-oqibat ko‘tariladi. Do‘rman qishlog‘ida esa hayot tamoman boshqacha, qishloq ahli mehnatsiz o‘tgan kunini umr daftariga kiritishmaydi, hovlisida kaftdek yerni bo‘sh qoldirishni o‘zlariga ep ko‘rishmaydi, qo‘shni-qo‘shnisi bilan musobaqalashgan kabi deqqonchilik  qilishadi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi. Chunki ular kimsan, Qilichniyozboyning avlodlari, izdoshlari. Qilichboyning havosidan nafas olib, Qilichboy arna suvini ichib, o‘sib-ulg‘aygan, farzand tarbiyalayotgan fidoyi xalq!

Xalqimiz bekorga:

– Qanday yashab, mehnat qilishni qilichboyliklardan o‘rganing, – deyishmagan.

Yaxshisi, azizlar, Amu elining jannatmakon vodiysi, sohibkor-bog‘bonlar, fidoyi va mehnatkash insonlar yurti – Qilichboy mavzesining Do‘rman qishlog‘ini ko‘rgali, musaffo havolaridan to‘yib nafas olgali bir bora keling, bunga yaqqol guvoh bo‘lasiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.