Vazir o‘rinbosari va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Vazir o‘rinbosari va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi30 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, podpolkovnik G‘ulomjon Eshimbetov Amudaryo tumani 3-sektor hududida yashovchi yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida sport musobaqalar va ko‘ngilochar tadbirlar o‘rkazildi. Shuningdek, yoshlar muamolarini o‘rganish va ularni hal etishga amaliy yordam berish maqsadida vazir o‘rinbosarining sayyor qabuli tashkil etildi.

Uchrashuv doirasidagi tadbirlarda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Kamolov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, 3-sektor hududidagi yoshlar yetakchilari, korxona-tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Eshimbetov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar siyosati borasida ustuvor islohotlar olib borilyotganini alohida ta’kidlab, ayniqsa, qoraqalpog‘istonlik yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratayotgani xususida so‘z yuritdi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, muhtaram prezidentimizning 2022 yil 31 avgust sanasida imzolangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishga davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota ajratilishi natijasida 3 mingdan ortiq yoshlarimiz oliy ta’lim muassasalarida talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldilar.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil davomida to‘rt million nafar yoshlar bilan alohida ishlash, ularni vatanparvarlik, jamiyat hayotiga dahldorlik va qonunni hurmat qilish kabi yuksak tuyg‘ular asosida tarbiyalash, kasb-hunarga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash yuzasidan ilgari surgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, mahallalarda yoshlar masalalarini muvofiqlashtirish maqsadida Amudaryo tumani 3-sektor hududida yashovchi 7 ta toifadagi 500 nafarga yaqin yoshlar IIVning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar tayyorlash xizmatiga biriktirilib, mas’ul rahbarlar boshchiligida biriktirilgan yoshlar o‘rtasida ma’naviy, ma’rifiy, sport, intellektual tadbirlar o‘tkazildi.

Tuman IIBda “Vatanparvarlik burchagi” tashkil etildi. Ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar doirasidagi ajoyib chiqishlar barcha yoshlarda katta tassurotlar qoldirdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi akademik litsey o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari tadbirda ishtirok etayotgan yoshlar qalbidagi vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirdi.

Tadbir mobaynidagi “Aral juldizlari” jamoasi qiziqchilarining hazil tariqasidagi sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilariga yuqori kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, vatanparvarlik ruhidagi ajoyib kuy-qo‘shiqlar barchaga bayromana kayfiyat baxsh etdi.

Tuman IIBning hovlisidagi sport maydonchasida sportning har xil turlari bo‘yicha “Ichki ishlar vazirligi kubogi” musobaqalari tashkil etildi. Yoshlar sportning stol tennisi, turnikda tortilish, tir, armrestling, tosh ko‘tarish, darts, kamondan otish turlari bo‘yicha o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rdilar. Musobaqalar ajoyib, bahs-munozalarga boy tarzda o‘tkazildi. Barcha sport turlari bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblari aniqlanib, g‘oliblarga va faol ishtirokchilarga sport anjomlari hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, munosib taqdirlandi.

Vazir o‘rinbosari 3-sektor hududida yashovchi yoshlarning muammolalarini o‘rganish va ijobiy hal qilish yuzasidan o‘tkazgan sayyor qabulida yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Qabul jarayonida yoshlar bandligini ta’minlashda, o‘qigan mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar. Murojaatlarni ijobiy hal etishda tumandagi tegishli mas’ullar bilan chora-tadbirlar belgilab olindi.

 Charos Arslonova, tuman hokimining Axborot xizmati rahbari.