Fuqaro muhofazasi kuni tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokim – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2024 yil 15 mart kungi “Amudaryo tumani hududida 2024 yil 15 mart kunidan 15 aprel kuniga qadar Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va Fuqaro muhofazasi oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 5-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 3 aprel kunida tumanning O‘rta qala ovuli hududidagi 12-sonli umumta’lim maktabida Fuqaro muhofazasi kuni tadbiri o‘tkazildi.

Aytish joizki, “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddaga ko‘ra umumta’lim maktablari, akademik litseylar, oliy o‘quv yurtlari, ishlab chiqarish va yashash joylarda aholini fuqaro muhofazasi sohasida o‘rgatish umumiy va majburiydir.

Fuqaro muhofazasi sohasidagi bilimlarni targ‘ib etish davlat organlari, shuningdek odamlarni muhofaza qilish va qutqarish borasidagi tegishli jamoat birlashmalari tomonidan ta’minlanadi.

Amudaryo tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi tezkor bo‘linmasi xodimlari tomonidan tashkil qilingan ushbu tadbirning 1-qismida o‘quvchi yoshlarga tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi o‘rgatildi.

Ma’lumki, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra muayyan hududda odamlar qurbon bo‘lishiga, odamlarning sog‘lig‘iga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisalar tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar deyiladi. Shuningdek, tabiiy ofat yoki boshqa ofat natijasida, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatlar ham shunday toifaga kiritiladi. O‘quvchilarga bunday sharoitda o‘zini qo‘lga olish va harakatlanish tartibi to‘g‘risida mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.

Fuqaro muhofazasi kuni tadbirida tabiiy ofat – zilzila sodir bo‘lganda binoni qanday tark etish va xavfsiz joyga chiqish hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish tartibi amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi.

Tadbirning 2-qismida maktabdagi o‘quvchi yoshlarga yong‘in o‘chirish maxsus avtomobilidagi asbobob-anjomlar bilan ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mutaxassislar bino, inshoot va xonalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq obyektlar avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmalari va yong‘in signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozimligini, binolar, inshootlar va xonalardan, asbob-uskunalardan, jihozlardan faqat loyiha va ekspluatatsion-texnik hujjatlarda belgilangan maqsadlarda va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilingan holda foydalanish kerakligini alohida ta’kidladilar. O‘quvchilarga yong‘in kelib chiqishining oldini olish, bunday noxush holat sodir bo‘lganda esa uni zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari o‘quvchilarga yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari, ya’ni ko‘chma o‘t o‘chirgichlar, qum solinadigan qutilar, yong‘inga chidamli matolar, suv bilan to‘ldirilgan idishlar, qo‘lda foydalaniladigan yong‘inga qarshi vositalar, yong‘in o‘chirish maxsus avtomobilidagi asbobob-anjomlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

G‘.Yeshniyozov