Toshqal’adagi “G‘oyib ota” qabristoni obodonlashtirilib, atrofiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi

Туман янгиликлари

Yurtimizga bahor fasli kirib kelishi bilan yurtdoshlarimiz chor-atrofni tozalash va obodonlashtirish ishlariga uyushqoqlik bilan kirishadilar. Zero, obodlik bor joyda qut-baraka bo‘ladi. Bu hikmatli so‘zni hayoti va faoliyatiga shior qilib olgan amudaryoliklar joriy yilgi bahor faslini ham hasharlar bilan boshlab, hovli va ko‘chalarini, mahalla va guzarlarni obod qilish, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Tumanning Qilichboy ovulidagi Toshqal’a mahallasi hududida ham hasharlar o‘tkazilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari yuqori sur’atda, sifatli tarzda amalga oshirilmoqda.

Ramazon oyi munosabati bilan mahalla ahli fuqarolar yig‘ini mas’ullarining tashabbusi asosida yana bir xayrli ishga qo‘l urdilar. Navbatdagi hashar davomida hududda joylashgan “G‘oyib ota” qabristoni atrofi obodonlashtirilib, daraxtlarga shakl berildi va ohaklandi. Qabriston hududi begona o‘tlardan, xas-hashaklardan tozalanib, yo‘laklar tartibga keltirildi.

Muqaddas islom dinimizda qabristonni ziyorat qilish katta savoblar qatoriga kiritilgan. Marhumlar abadiy qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilish va ularning haqlariga duoda bo‘lish har birimizning insoniy burchimizdir. Shu sababli ham har bir yurtdoshimiz doimo milliy va diniy qadriyatlarimizni asrashga, o‘tgan ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lashga, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga intiladilar.

Ramazon hayiti bayrami tobora yaqinlashib kelayotgan shu kunlarda o‘tkazilgan ushbu hashar esa ziyoratga keluvchilarga sharoitlar yaratish, aholi yuradigan yo‘laklarni tartibga keltirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Hashar davomida qabriston atrofidagi 30 sotix tashlandiq yer haydalib, fermerlar tomonidan ajratilgan texnikalar yordamida yerga ishlov berildi. Ushbu maydonga va qabriston atrofiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 700 tup tut, 500 tup terak va yana 500 tupdan ortiq boshqa manzarali daraxtlar qalamchalari ekildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq Toshqal’a mahallasi hududiga jami 3785 tup ko‘chat va qalamchalar ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kungacha ekilgan nihollar soni 4 ming tupdan oshib ketdi.

Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida tashkil qilingan hasharda mahalla faollari, nuroniylari va yoshlar birdamlikda faollik ko‘rsatdilar. Yoshi ulug‘ nuroniylar yoshlarga hayotiy maslahatlar berib, umr yo‘llari davomida boshidan o‘tkazgan azob-uqubatlari, tortgan mashaqqatlari haqida so‘zlab berdilar. Yoshlar esa g‘ayrat va shijoatini, shu aziz Vatanimizga sadoqatini amalda namoyish qilib, hasharda jonbozlik ko‘rsatdilar.

Hashar so‘ngida mahalla faoli, faxriy o‘qituvchi Sanobar Bobojonova, yoshlar yetakchisi Izzat Qurbonboyev va qabriston shayxi Tursunboy Eshbekovlar obodonlashtirish ishlarida qatnashganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.

G‘.Yeshniyozov