Tomorqasidan samarali foydalanayotgan bobodehqon hamyurtlarimiz hayotidan

Туман янгиликлари

Mamalakatimizda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari singari gul yetishtirish, ko‘chatchilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Amudaryo tumanida uzoq yillardan buyon gulchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orini tebratib kelayotgan hamyurtlarimiz talaygina.

Uyshin mahallasida yashovchi hamyurtimiz Omonboy Jalolov 15 yildan buyon gulchilik bilan shug‘ullanib keladi. Biz bilan suhbat chog‘ida Omonboy aka gul yetishtirish juda nozik, katta sabr va mehr talab qiladigan faoliyat turlaridan biri ekanligini, gul ko‘chatlarini yetishtirish bilan shug‘ullangan insonlarning go‘zallik yaratishga bo‘lgan qiziqishlari, tabiatga, hayotga muhabbati yanada oshishini alohida ta’kidladi.

Omonboy Jalolov turmush o‘rtog‘i, farzandlari bilan birga 1 sotix yer maydonida tashkil etgan issiqxonada har yili 25 ming dona gul ko‘chatlarini yetishtirishadi va yaxshi daromad olishadi. Turmush o‘rtog‘i, ikki nafar o‘g‘li va qizi o‘qish va ishlaridan bo‘sh vaqtlarida issiqxonada gul ko‘chatlarini parvarishlashadi.

Issiqxonada Qoraqalpog‘iston Respublikasi tabiatiga, iqlim sharoitiga mos bo‘lgan har xil turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Shafran, petunya, katrandus, salviya kabi noyob gullar ko‘chatlari shular jumlasidandir. Yetishtirilgan gullar ko‘chatlari Nukus shahri va respublikadagi barcha tumanlarga buyurtma asosida yetkazib beriladi.

Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida keltirish joizki, 2023 yilning 24 oktyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi. Mazkur qaror bilan 2023 yil 1 noyabrdan 2026 yil 1 yanvarga qadar tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya, jumladan vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari, boshqa tirik o‘simliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi belgilangan bo‘lib, ushbu hujjat gul yetishtirishni yana rivojlanirish borasida muhim dasturulamal bo‘lmoqda.

To‘lqin ovulida yashovchi Azimjon Muxtarov ota-bobolaridan o‘rgangan dehqonchilik sirlarini bugun farzandlariga o‘rgatib kelayotgan tajribali dehqonlardan biridir. Azimjon aka 25 sotix tomorqa yer maydonida turli xil sabzavotlar, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirib, oilasiga yaxshi daromad olib kelmoqda.

Tomorqaning 5 sotix yer maydoniga qurilgan issiqxonada 4 yildan buyon pomidor, bodring, baqlajon, karam kabi mahsulotlardan yiliga 2 martadan hosil olinadi. Hosilni Mang‘it dehqon bozoriga olib borib sotishadi va oilaga yaxshigina qo‘shimcha daromad keladi.

Oliy ma’lumotli, 33-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lgan Azimjon akaning dehqonchilikka, yerga bo‘lgan mehri bo‘lakcha. Tomorqasidagi bir qarich yerni ham bo‘sh qo‘ymasdan har xil dehqonchilik mahsulotlarini ekib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan.

Turmush o‘rtog‘i Barno Shomurodova ham ushbu maktabning ona-tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, u ham ishdan bo‘sh vaqtlarida tomorqasidagi yetishtirilayotgan sabzavotlarni parvarishlashga ko‘maklashadi.

Azimjon akaning ikki nafar o‘g‘li ayni paytda oliy o‘quv yurtlari talabalari. Ularning ham dehqonchilikka qiziqishlari kuchli bo‘lib, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda issiqxonada va tomorqada ota-onalari bilan mehnat qilib kelishmoqda.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.