Amudaryo tumani hokimligining tuman aholisiga murojaati

Туман янгиликлари

Aziz yurtdoshlar!

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari shu yil mart oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi tajriba – davlat uy xo‘jaliklariga o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solishga ko‘maklashishi tamoyilini ilgari surdilar.

Endilikda Amudaryo tumanini ham ishsizlikdan holi hududga aylantirish, aholi daromadlarini oshirish va tomorqadan unumli foydalanish maqsadida Sayxunobod tajribasi asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholiga hududdagi yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda layoqatiga mos ravishda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik, chuvalchang yetishtirish va boshqa tarmoqlar bilan birga tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek, issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish va buning natijasida har bir oilaga bir yilda jami 50-60 million so‘mdan, oila a’zolarining jon boshiga har oyda 1 mln so‘mdan ortiq daromad topishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.  

Mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari mas’ullari joylardagi hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir xonadonda daromad manbaini yaratish, tomorqa madaniyatini shakllantirish, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘chat o‘tqazish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, qolaversa, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish borasida aholiga ko‘makchi hisoblanadi.

Siz ham berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda tomorqangizni daromad manbaiga aylantiring! Qo‘shimcha tarmoqlarni yo‘lga qo‘yib, oilangiz budjetini yanada oshiring! Bu borada qo‘shimcha yordam zarur bo‘lsa hududingizdagi hokim yordamichilariga murojaat qiling!

Xalq boy bo‘lsa, mamlakat boy, qudratli bo‘ladi. Oilangizning iqtisodiy farovonligini ta’minlash orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shing!

Amudaryo tumani hokimligi.