“Ijtimoiy himoyadan ijtimoiy faollik sari!” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi

Туман янгиликлари

5 aprel kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Amudaryo tuman Kengashi tomonidan “Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari!” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Amudaryo tuman Kengashi raisi Maqsud Sa’dullayev, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi sho‘ba mudiri Murodjon Boltayevlar so‘zga chiqib, inson va uning manfaatlari ustun sanalgan yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat zamirida xalqimiz turmush  farovonligini yuksaltirish, ayniqsa fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdek olijanob maqsadlar mujassam ekanini ta’kidladilar. Bu muhim masalalar “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topgani alohida qayd etildi.

Darhaqiqat, yurtimizda keyingi yillarda ijtimoiy muomalalarni o‘z vaqtida hal qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga birlamchi e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa huquq va imkoniyatlar tengligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab quyildi. Endilikda yordamga muhtoj aholi vakillarini ijtimoiy himoyalash tizimi mahalla darajasiga tushirilmoqda.

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi. Bunda ehtiyojmand toifaga kiritilgan aholining aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi. Muhtojlarning har biri bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi. Bu borada yagona savolnoma joriy qilinadi. Xonadonga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishidan qat’iy nazar, oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanib, oilaning “ijtimoiy portreti” chiziladi. Yordamdan so‘ng xonadonda nima o‘zgargani monitoring qilib boriladi.

Yana bir muhim jihati shundan iboratki, mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi ham, yordam oluvchi ham o‘ziga majburiyatlar oladi.

Endi nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi.

Shu yil 1 oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi. Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qarovchilarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi.

Tadbirda tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining sho‘ba mudiri Murodjon Boltayev so‘zga chiqib, markaz xodimlarining yolg‘iz qariyalar va nogironligi bo‘lgan, o‘zgalar yordamiga muhtoj kishilar bilan ishlashish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslar va oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va odamlarning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish borasidagi ishlari haqida ma’lumotlar berdi.

Maqsud Sa’dullayev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Amudaryo tuman Kengashi raisi