Yoshlarga yer berish orqali ularning daromadlari oshiriladi va bandligi ta’minlanadi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani hokimligining katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 aprel kungi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tumandagi ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi “yettilik” a’zolariga mazkur qarorda belgilangan ustuvor vazifalar bo‘yicha keng tushunchalar berildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Asror Jo‘rayev mazkur qaror bilan yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilganligi, yoshlar bandligini ta’minlash borasida ularga yer ajratib berish, yangi yerlarni o‘zlashtirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab berilganligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Qayd etlishicha “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra tuman hokimliklari zaxirasidagi jami 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etiladi.

Xususan, 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Bunda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Shuningdek, yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Qarorga ko‘ra talabgorlarga 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari, bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari ijaraga beriladi.

Talabgorlarga ajratiladigan yer maydonlari o‘lchamlari “mahalla yettiligi” taklifiga ko‘ra aniqlanadi. Talabgorlar tomonidan yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda “mahalla yettiligi”ning boshqa a’zolariga ushbu yangi tizim asosida ishlarni samarali tashkil qilish, yer maydoni olish istagidagi yoshlar ro‘yxatini shakllantirish, onlayn auksion natijalariga ko‘ra ijaraga yer olgan yoshlarning dehqonchilik faoliyatlarini boshlashlariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.