“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida mamlakatimizning chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yosh chegarachilar” klublari tashkil qilingan edi. Nizomga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining harbiy qismlariga biriktirilgan mazkur klublarga maktablarning 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘z xohishiga ko‘ra a’zo bo‘lishlari mumkin.

Shuningdek, yuqoridagi qaror bilan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ham tasdiqlangan bo‘lib, ushbu hujjatga ko‘ra har yili mazkur tanlovda chegaraoldi shahar va tumanlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi eng faol klublar aniqlanadi va taqdirlanadi.

Bu yilgi “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Amudaryo tuman bosqichida tumanning chegaraoldi hududlaridagi 12 ta maktablarda tashkil qilingan klublar jamoalari o‘zaro kuch sinashdilar.

Musobaqa avvalida tashkiliy qo‘mita a’zolari va Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining Mang‘it shahrida joylashgan harbiy qismi mas’ullari ishtirokchilarni musobaqa shartlari bilan tanishtirdilar.

Tumandagi 1-, 4-, 15-, 20-, 25-, 35-, 36-, 48-, 59-, 69-, 70- va 83-sonli maktablar jamoalarining har biri g‘oliblikka munosib ekanini amalda namoyon etish uchun musobaqaga kirishdilar.

Dastlab xar bir jamoaning saf tayyorgarligi, harbiy varaqalar, albom, vimpel, jamoaning ramziy bayrog‘i va nomi yozilgan taxtacha, jamoalarning maxsus formasi ko‘rikdan o‘tkazildi va baholandi.

So‘ngra umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovi o‘tkazilib, Kalashnikov avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha jamoa a’zolarining chaqqonliklari sinovdan o‘tkazildi. Keyin esa o‘g‘il bolalar 1000 metrga, qizlar 100 metrga yugurish, jamoa a’zolari turnikda tortilish, azimut bo‘yicha harakatlanish, granata uloqtirish bo‘yicha mahoratlarini namoyish qilishdi. Ishtirokchilar ayniqsa, zaharlangan hududdan, to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tibbiy yordam ko‘rsatish musobaqalarini o‘zgacha hayajon bilan namoyish qildilar. Musobaqa so‘ngida esa jamoa a’zolarining o‘q-dorilarni tashish, Kalashnikov avtomatidan o‘q otish va mazkur avtomatning maketi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, mahorati sinovdan o‘tkazildi.

Hakamlar hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra 59-sonli maktab jamoasi 3-, 83-sonli maktab jamoasi esa 2-o‘rinni egalladi. 48-sonli maktabda tashkil qilingan  “Yosh chegarachilar” klubining a’zolaridan iborat jamoa 1-o‘rinni egalladi va musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, davlat manfaatlari va suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyorlash, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk yosh avlodni kamol toptirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘z yurti va xalqining taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik hissini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan mazkur musobaqaning tantanali yopilish marosimida 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan jamoalar tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, kubok va sovg‘alar bilan mukofotlanadi. “Eng ilg‘or” nominatsiyasi g‘oliblari esa tashkiliy qo‘mita tomonidan alohida sovg‘alar bilan taqdirlandi.

G‘.Yeshniyozov