Futbol va mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalariga start berildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2021 yildan boshlab mahallalarda 16-30 yosh toifasidagi o‘g‘il va qizlar o‘rtasida har yili an’anaviy tarzda futbol va mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari keng qamrovda o‘tkazib kelinmoqda.

Futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni eng quyi tizimgacha tushirish hamda mahallalardan boshlab iqtidorli yoshlarni saralab olish maqsadida tashkil qilinayotgan mazkur musobaqalarda har yili mamlakat bo‘ylab yuz minglab yoshlar ishtirok etib, iqtidorlarini namoyish qilmoqda va salomatliklarini mustahkamlamoqda.

11 aprel kuni Amudaryo tumanida ham sportning futbol va mini futbol turlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalariga start berildi.

Ochilish marosimida tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi mas’ullari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama sog‘lom va yetuk insonlar qilib tarbiyalash, ularni sportga keng jalb qilish orqali salomatliklarini mustahkamlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish, shuningdek, mahallalarda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdilar.

Ma’lumki, shu yil 20 mart kuni qabul qilingan Prezident qarorida mahalladagi yoshlar yetakchisiga mahalla yoshlarini ommaviy va professional futbolga qiziqtirish, shuningdek, bu borada turli targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, mahallalarda mavjud bo‘lgan futbol bo‘yicha sport inshootlari hamda boshqa sport maydonchalaridan tizimli va samarali foydalanilishini tashkil etish, mahallada futbol bo‘yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari kesimidagi “mahalla terma jamoa”larini shakllantirish hamda ularni tayyorlashni tashkil etish va shu kabi boshqa qo‘shimcha vazifalar yuklangan edi.

Prezidentimizning ushbu qarori bilan mahalla terma jamoalarining 12-15 yosh toifalari o‘rtasida ikki bosqichli “Mahalla ligasi” va 16-30 yosh toifalari o‘rtasida uch bosqichli Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarini o‘tkazish tizimi ravishda yo‘lga qo‘yildi.

An’anaviy tarzda futbol va mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari ham mahallalardagi yosh iqtidorli futbolchilarni aniqlash hamda ularni professional futbol ta’lim muassasalariga yo‘naltirib borish, mahallalarni sport inventarlari bilan ta’minlash borasida muhim vosita bo‘lmoqda.

Musobaqa Nizomiga ko‘ra futbol va mini futbol bo‘yicha saralash va sektor bosqichlaridan muvafaqqiyatli o‘tgan jamoalar tuman bosqichida o‘zaro kuch sinashadilar. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, o‘tgan yili futbol bo‘yicha musobaqalarning tuman bosqichida mutloq g‘oliblikni To‘lqin ovuli yoshlari, ikkinchi o‘rinni kuyuk-ko‘pirlik yoshlar jamoasi va uchinchi o‘rinni Xolimbeg ovuli yoshlari egallashgan edi.

Mini futbol bo‘yicha esa Bo‘ston mahallasi yoshlari faxrli birinchi o‘rinni, Xizir eli mahallasi yoshlari ikkinchi o‘rinni, Daryobo‘yi mahallasi yoshlari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edilar.

Jamoalar bu yilgi musobaqalarga alohida puxta tayyorgarlik ko‘rgani bois saralash va sektor bosqichlaridanoq o‘yinlar shiddatli tus oldi. Bir necha hafta davom etadigan saralash va sektor bosqichlari yakunlariga ko‘ra may oyida musobaqalarning tuman bosqichi o‘tkaziladi. Fursatdan foydalanib, futbol va mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizligi xizmati kubogi o‘yinlarida ishtirok etayotgan barcha jamoalarga omad tilaymiz!

G‘.Yeshniyozov