Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi

Туман янгиликлари

9 aprel kuni Amudaryo tumani markaziy Madaniyat uyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaci qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, deputatlar, hokimlik mas’ullari, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, ta’lim muassasalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov va ichki ishlar tizimi faxriysi Erkin Rajabovlar so‘zga chiqib, yurtdoshlarimizni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bilan samimiy muborakbod qilib, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – Konstitutsiyamizning bosh maqsadi e’kanligini alohida e’tirof etishdi. Shuningdek, Konstitutsiyani chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchaning sharafli burchi ekanligi ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaci 1993 yil 9 aprel kuni XII chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining XII sessiyasida qabul qilingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqi inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglagan holda, Qoraqalpog‘iston davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab hamda fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida o‘zining muxtor vakillari siymosida mazkur Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilganiga bu yil 31 yil to‘ldi. Amudaryo tumanida ushbu sana har yili ham yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlanadi.

Madaniyat markazi binosidagi sahnaga o‘rnatilgan ekranda mamlakatimizda, xususan Qoraqalpog‘istonda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlar aks etgan roliklar namoyish etildi. Videoroliklarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shahar va qishloqlarni obod qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning, amaliy ishlarning natijasi hayotiy misollar orqali namoyish qilindi.

Bayram tadbirida tumanning taniqli va xushovoz san’antkorlari ijrosida ona Vatan, tinchlik va do‘stlik tarannum etilgan go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy do‘stligi, tinch-totuv yashab kelayotgani, xalqimiz turmushining farovonligi, mamlakatimiz qudrati go‘zal kuy-qo‘shiqlar va raqslar orqali tarannum etildi. Baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamizda ham millati, tili va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar barcha yurtdoshimizning teng huquqli etib belgilab qo‘yilgani yurtimizning buyuk kelajagi va xalqimiz farovon turmushining huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi.

G‘.Yeshniyozov