Dala o‘quv seminarida Xitoydan keltirilgan yangi navdagi chigit bo‘yicha ma’lumotlar berildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, paxtachilik sohasida mutlaqo yangi tizim yaratilib, chigit ekishdan tortib, uni parvarish qilish, hosilni yig‘ib olish va qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayolarga bozor tamoyillari joriy qilindi. Natijada fermer yerdan mo‘l hosil olib, daromadini yanada oshirishga, klaster esa yetishtirilgan hosilni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Paxtaning hosildorligi va undan olinadigan mahsulotlarning sifati asosan urug‘lik chigitning naviga bog‘liq. Chigit yuqori sifatli, oliy navli, tuproq va iqlim sharoitlariga mos, sog‘lom, kasallik hamda zararkunandalarga chidamli bo‘lishi lozim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xitoydan olib kelingan chigitni yurtimiz dalalariga ekish tashabbusi ham aynan shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qoraqalpog‘istonda tajriba-sinov tariqasida yerga qadalayotgan mazkur  yangi navdagi chigitning parvarishi bo‘yicha xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan ilg‘or va zamonaviy qishloq xo‘jaligi agrotexnologiyalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.

Shu mavzuda Amudaryo tumanida o‘tkazilgan navbatdagi dala o‘quv seminarida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermerlar ishtirok etishdi. Respublikadagi yetakchi ilmiy idoralar va xorijdan tashrif buyurgan mutaxassislar Xitoydan keltirilgan yangi navning ahamiyati, uni ekish va parvarishlashda e’tiborga olish lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdilar.

Mutaxassislar yangi chigit navining tuproq va iqlim sharoitimizga moslashib, yuqori hosil berishi uchun ekish jarayonida o‘ziga xos jihatlarga e’tibor qaratish, vegetatsiya davrida alohida nazoratga olish va hosil yetilganidan keyin uning aprobatsiyasini to‘g‘ri va o‘z muddatida o‘tkazish borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi. Ushbu tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilinsa, hosildorlik bir necha baravar yuqori bo‘lishi ta’kidlandi.

Eng asosiysi, ushbu amaliy ishlar, qishloq xo‘jaligida qilinayotgan har bir islohot dehqon va fermerning, qishloq ahlining hayot tarzini va iqtisodini yanada yaxshilash, xalq farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Darhaqiqat, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olish katta ahamiyat kasb etadi. Yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmi oshishi esa oziq-ovqat xavfsizligiga erishishda hal qiluvchi omildir.

Mamlakatimiz agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatimiz rahbari tomonidan soha mutasaddilari oldiga qo‘yilayotgan vazifalardan kutilayotgan natija ham ana shu yuksak maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgandir.

O‘tkazilgan dala o‘quv seminarida Toshkent shahridagi yetakchi ilmiy idoralar va xorijdan tashrif buyurgan mutaxassislar amudaryolik fermerlarga Xitoy xalq respublikasidan keltirilgan yangi navdagi chigitni ekish, chigit unib chiqqanidan keyin dastlabki ishlov berish, qator oralarini yumshatish, vegetatsiya davrida suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, zararkunanda xasharotlarga qarshi ishlov berish, hosil to‘plash jarayonida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, defoliatsiya va yig‘ib-terib olish jarayonida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar va ishtirokchilarning savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytardilar.

G‘.Yeshniyozov